Tozalangan, ya’ni rafinatsiyalangan va dezodoratsiya qilingan yog‘ mahsulotini xarid qilishda uning ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddatiga diqqat berish zarur. Mahsulotning yaroqlilik muddati O‘zDSt 2824:2014 standartiga ko‘ra 4 oy, GOST 1129-2013 bo‘yicha esa 6 oy qilib belgilangan. Agar muddatni uzaytirish talab qilinsa, bu ishlab chiqaruvchi tomonidan faqat vakolatli organlarning ijobiy xulosalari asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, yaroqlilik muddatini aniqlashda Sog‘liqni saqlash vazirligining talablari asosida mahsulot laboratoriyada sinovdan o‘tkazilgan bo‘lishi shart. Agar bunday sinovlar amalga oshirilmasa, muddatni uzaytirish qonunga zid hisoblanadi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2024-yilda vakolatli organning ijobiy xulosasisiz rafinatsiyalangan yog‘ mahsulotining yaroqlilik muddatini 12 oy qilib belgilash holatlari aniqlanib ishlab chiqaruvchilarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi va ko‘rsatmalar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-sonli qaroriga asosan, sotuvchi quyidagi ma’lumotlarni xaridorga yetkazishi shart: mahsulotning texnik reglamentlar va standartlarga muvofiqligi, asosiy iste’mol xossalari va, zarur hollarda, muvofiqlik sertifikatlari.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra:
🟡1-modda: Tovar, ish yoki xizmatning nuqsoni – ularning normativ hujjatlar, shartnoma talablari yoki odatdagi sifat talablariga nomuvofiqligidir.
🟡6-modda: Ishlab chiqaruvchi (sotuvchi) iste’molchiga tovar, ish yoki xizmat haqida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot taqdim etishi shart.
🟡12-modda: Agar tovar yoki xizmat iste’molchining hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga zarar yetkazsa, ishlab chiqaruvchi sabablarni bartaraf etib, ishlab chiqarishni yoki sotuvni to‘xtatishi va zararli tovarni muomaladan chiqarishi lozim.
🟡13-modda: Nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi quyidagilarni talab qilishga haqli:
– Tovarni xuda shu yoki boshqa markadagi sifatli tovarga almashtirish.
– Nuqsonlarni bepul bartaraf etish yoki xarajatlarni qoplash.
– Narxni kamaytirish yoki shartnomani bekor qilish.
🟡17-modda: Nuqsonli tovar uchun iste’molchiga to‘langan pul qaytarilishi shart, buning shakli oldingi to‘lov shakliga mos kelishi lozim.