9-noyabr – Butunjahon Sifat kuni (World Quality Day) bo‘lib, mamlakatimizda qator yillardan buyon nishonlanib kelinmoqda.
Sifat kuni Yevropa sifat tashkiloti (EOQ) tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) ko‘magida 1989-yil tasdiqlangan. Shundan buyon har yili noyabr oyining ikkinchi payshanbasi 80 dan ortiq mamlakatlarda Sifat kuni sifatida nishonlanib kelinadi. Asosiy maqsad tovar va xizmatlar sifatining muhimliligini oshirish hamda sifat muammolariga e’tibor qaratishga yo‘naltirilgan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda hududiy boshqarmalari tomonidan mazkur sana munosabati bilan Toshkent davlat yuridik universiteti, Urganch Davlat universiteti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali talabalari hamda Navoiy shahridagi 5-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari uchun iste’molchilar huquqlarini himoya qilish fani doirasida “Sifat – bu ishonch. Biz sifat tarafdorimiz!” mavzuida mahorat darsi tashkil qilindi.
Mahorat darsida Raqobat qo‘mitasi tomonidan Sifat kuni tarixi, amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumotlar beriladi. Asosiysi, talaba-yoshlarga nazariy bilimlarni qonunchilik faoliyati va huquqni qo‘llash amaliyoti bilan uzviy bog‘lash ko‘nikmalari berildi.