Raqobat qo‘mitasi tomonidan savdo, bank va sug‘urta xizmatlari bo‘yicha fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar doimiy ravishda o‘rganilib, tahlil qilish ishlari olib borilmoqda.
Jumladan,
Qashqadaryo viloyati misolida
G‘uzor tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro X.S. Qarshi shahrida faoliyat olib borayotgan “Asil media” do‘konidan 4 000 000 so‘m evaziga mobil telefonini muddatli to‘lov asosida sotib oladi. To‘lovni doimiy ravishda vaqtida amalga oshirib kelsada, uning nomiga ortiqcha 350 000 so‘m asossiz qarzdorlik chiqarilib, majburiy undiruv bo‘limlariga o‘tkazilganligidan norozi bo‘lib hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Samarqand viloyati misolida
Hududiy boshqarmaga fuqaro B.Uning bank krediti asosida yashash xonadoniga 62 mln so‘mga quyosh panelini shartnoma asosida Samarqand shahridagi “Sputnik” savdo do‘konidan xarid qilganligi, hozirgi kungacha quyosh paneli ishlamayotganligi, “Sputnik” savdo do‘koni xodimlariga bir necha marotaba murojaat qilishiga qaramasdan quyosh panelini ishchi holatiga tushirib bermayotganligidan norozi bo‘lib murojaat qoldirgan.
Toshkent viloyati misolida
Fuqaro “Uzun Market” ilovasi orqali sotib olgan mahsuloti uchun karta bilan terminalda to‘lov qilganida, kartadan pul yechib olinganligi lekin, terminaldan rad javobi kelganligi sababli, boshqa kartadan pul to‘lagan. Mas’ul xodimlar pul mablag‘i 1 ish kunida qaytarilishi haqida ma’lum qilishgan bo‘lsada, bugungi kunga qadar qaytarilmaganligidan norozilik bildirib, hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Namangan viloyati misolida
Pop tumani Nurobod MFYda yashovchi fuqaro “O‘ZSANOATQURILISHBANK”dan onlayn kredit olganligi va kredit to‘lovlarini muddatidan avval to‘liq to‘laganligi, shunga ko‘ra, foydalanilmagan qolgan muddat uchun 886 858 so‘m sug‘urta pulini qaytarib olish yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 4,6, 13, 19 va 21 moddalariga zid ravishda ish tutgan deb topilib, iste’molchilarning murojaatlari asosida keltirilgan to‘lovlar to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.
Shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga mavjud tartib-qoidalar va uning natijasida kelib chiqadigan huquqiy oqibatlari haqida tushuntirishlar berildi.