Raqobat qo‘mitasi tomonidan bank xizmatlar bo‘yicha fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar doimiy ravishda o‘rganilib, tahlil qilish ishlari olib borilmoqda.
Jumladan,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi misolida
Qanliko‘l tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Ye.M. “ALIF NASIYa” ilovasi orqali 5 000 000 so‘mga televizor sotib olish uchun shartnoma asosida kredit olganligini, mazkur kredit mablag‘larini to‘lab bo‘lganligiga qaramasdan, fuqaro hujjatlari Majburiy ijro byurosiga yuborilganligi natijasida, bugungi kunda qarzdorlik chiqayotganligi hamda murojaatchining plastik kartasidan 736 000 so‘m pul mablag‘lari undirilganidan norozi bo‘lib, amaliy yordam berishni so‘rab murojaat qiladi.
Andijon viloyati misolida
Fuqaro D.Ya “Anor bank” AJ tomonidan 9 mln so‘m pul mablag‘ini kredit asosida rasmiylashtirganligi va ushbu kredit mablag‘ini qo‘shimcha jarimalari bilan so‘ndirib, kredit bo‘yicha qarzdorlik yo‘qligi haqida ma’lumot berilganligi va shunga qaramay plastik karta hisobidan pul mablag‘lari yechib olinayotganligidan noroziligi yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Sirdaryo viloyati misolida
Oqoltin tumanida yashovchi H.B “O‘zmilliybank” AJ Sirdaryo viloyati filialidan kredit rasmiylashtirib, mazkur kreditni to‘liq so‘ndirganligini ma’lum qilgan. Biroq, kredit qarzdorligi to‘liq so‘ndirilganligiga qaramasdan plastik kartasidan pul mablag‘lari yechib olinayotganligini ta’kidlab, asossiz yechib olingan 1 mln so‘mdan ortiq mablag‘larini qaytarib berilishi yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 4, 6, 13, 19 va 21-moddalariga zid ravishda ish tutgan deb topilib, iste’molchilarning murojaatlari asosida keltirilgan to‘lovlar to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.
Shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga mavjud tartib-qoidalar va uning natijasida kelib chiqadigan huquqiy oqibatlari haqida tushuntirishlar berildi.