Ijtimoiy tarmoq orqali “Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan “MADO” ovqatlanish korxonasida iste’molchilarga taomnoma xorijiy tilda taqdim etilgan, ma’lumotlar Davlat tilida emas…” mavzuida fuqaroning e’tirozi qoldirilgan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mazkur murojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Raqobat qo‘mitasi olib borgan o‘rganishlarida Toshkent shahrida joylashgan “MADO” restoranining taomnomasida davlat tilida ma’lumotlar mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. Bu bilan xizmat ko‘rsatish jarayonida O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 75-sonli qarorlarida belgilab berilgan umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarni) ishlab chiqarish va sotish qoidalari buzilgan.
Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha “MADO DONDURMA TR” MChJ QKga Qo‘mitaning so‘rov xati kiritilib, unda jamiyatga qarashli barcha filiallarning taomnomalarida davlat tilida ma’lumotlar qayd etilishi yuzasidan tegishli choralar ko‘rish zarurligi qayd etildi.
Natijada “MADO DONDURMA TR” MChJ QKga qarashli restoran va ularning filiallari taomnomalarida davlat tilida ma’lumotlar qayd etilib, iste’molchilarga taqdim etilishi ta’minlandi.