O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Nodirbek Ischanovning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida 2023-yil 6-may kuni “Natural Effect” mahsulotining reklamasiga oid e’tirozi yuzasidan, quyidagilarni ma’lum qiladi.
Xususan, ushbu reklamada “Natural Effect” mahsuloti taniqli shifokor tomonidan tavsiya qilinganligi haqida axborot berilgan bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarda bu borada salbiy fikrlar bildirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 35-moddasiga muvofiq, ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalarining reklamasiga nisbatan qat’iy talablar belgilangan, jumladan, reklama qilinayotgan ushbu mahsulotlar iste’molchilarda ular dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega degan taassurotni uyg‘otmasligi kerak.
Shunga ko‘ra, Qo‘mita tomonidan maqolada keltirilgan «Natural Effect» mahsulotini ishlab chiqaruvchisiga reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishini ta’minlash hamda «Natural Effect» mahsuloti reklamasini joylashtirishda qonun hujjatlariga to‘liq rioya qilgan holda amalga oshirish va qonun hujjatlari talablariga moslashtirish yuzasidan tegishli ko‘rsatma berildi. Yakunlari bo‘yicha ushbu holatga huquqiy baho berilishi ta’minlanadi.