Ma’lumki, bugungi kunda “Dolzarb bir oylik” doirasida viloyat va tuman (shahar) hokimliklarida shtablar tashkil etilgan bo‘lib, unda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan kundalik ma’lumotlar jamlanib borilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi raisi boshchiligidagi ishchi guruhi ana shu ma’lumotlar asosida joylarda olib borilayotgan ishlarni o‘rganish maqsadida Yangiariq tumanining “Soburzon”,“Yangiobod” va “Qorako‘z” mahallalari hamda ulardagi 10ga yaqin xonadonlarga tashrif buyurdi.
Jumladan,
“Soburzon” va “Yangiobod” MFYlar og‘ir ahvolga tushib qolgan mahallalardan bo‘lib, asosiy daromadi dehqonchilik va chorvachilik hisoblanadi. Aholining bu boradagi eng dolzarb muammolaridan biri sug‘orish mavsumi davomida xonadonlaridagi tomorqalar va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratilgan ekin maydonlarida suvning keskin kamayib ketishi bilan bog‘liq. Sug‘orish tizimini yaxshilash uchun mahallaga suv nasos agregati va transformatorlari keltirilgan. Ammo o‘rganish davriga qadar nasos inshootlarini betonlashtirish ishlari sust borayotganli hamda elektr tarmoqlariga ulanish bo‘yicha tegishli ruxsatnomalar olinmagani kuzatildi.
Bundan tashqari, mazkur mahallalarning kambag‘al oila reyestrida turuvchi xonadonlarga biriktirilgan mas’ul tashkilotlar tomonidan aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmagan.
Masalan,
“Soburzon” mahallasida bugungi kunda 4 271 nafar aholi istiqomat qiladi. Unda149 ta kambag‘al oila, 96 ta nogiron va 123 ta ishsiz aholi mavjud. Qo‘mitaning ishchi guruhi mahallada kambag‘al oila reyestrida turuvchi Yuqoribog‘ ko‘chasi 41-xonadoni o‘rganilganda unga biriktirilgan tuman “Asakabank” AJ rahbari amaliy yordam o‘rniga faqat uchrashuvlar o‘tkazish bilan kifoyalangani ma’lum bo‘ldi.
“Yangiobod” MFYda esa 5041 nafar aholi yashaydi. Bulardan 176 tasi kambag‘al oila, 86 tasi nogironlar va 108 tasi ishsiz aholi hisoblanadi. Xususan, mahallada kambag‘al oila reyestrida turuvchi Avaz O‘tar ko‘chasi 12-uyda istiqomat qiluvchi oila a’zolari bilan uchrashilganda, ushbu xonadonga Yangiariq tuman kasb-hunar maktabi rahbari biriktirilgan, biroq xonadonni kambag‘allikdan chiqarish uchun bironta ish qilinmaganligi ma’lum bo‘ldi.