O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-aprel kuni “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.
Suhbat avvalida Rashid Meredov davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va chuqurlashgan strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zaro tovar ayirboshlash o‘sayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. “Shovot-Toshovuz” savdo zonasi tashkil etilmoqda. Sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlik davom etmoqda.
Hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda. Joriy yilda O‘zbekistonda shoir Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligi munosabati bilan qator tadbirlar o‘tkaziladi.
Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik doirasida ko‘p qirrali sheriklikning yangi kun tartibini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.