Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash va ularni hal etish yuzasidan ko‘plab ishlar amalga oshirib kelinmoqda. 2024-yilning birinchi choragida 11 mingdan ortiq murojaatlar Qo‘mita tomonidan ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda ham ushbu boradagi ishlar tizimli ravishda amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, Namangan viloyatida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyekti hisoblangan “ISLAM MED” MCHJ 2024-yil 9-aprelda Toshkent shahri Sergeli tumanida faoliyat yuritayotgan “HI-TECH ORIENT MED-BUSINESS” MCHJdan 100 000 000 so‘mga ultra tovush diagnostika qurilmasi sotib olganligini bildirib, ultra tovush diagnostika qurilmasi ishlash sifatidan norozi bo‘lib, “HI-TECH ORIENT MED-BUSINESS” MCHJga mablag‘larni qaytarishni so‘rab murojaat qilganligini lekin natija bo‘lmaganligidan norozi bo‘lib, Raqobat qo‘mitasidan amaliy yordam so‘ragan.
Murojaatni o‘rganish davomida “HI-TECH ORIENT MED-BUSINESS” MCHJ bilan suhbatlashib “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 20, 21-moddalari talablari buzilganligi hamda o‘zaro tuzilgan “TIBBIYOT QURILMASI OLDI-SOTDI SHARTNOMASI”da keltirilgan shartlar bo‘yicha tushunchalar berildi. “HI-TECH ORIENT MED-BUSINESS” MCHJ rahbari berilgan tushuntirishlardan to‘g‘ri va to‘liq hulosa chiqargan holda, “ISLAM MED” MCHJ tomonidan xarid qilingan ultra tovush diagnostika qurilmasi uchun to‘langan 100 000 000 so‘m mablag‘ni to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.