Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-dekabrdagi “Narxlari davlat tomonidan tartibga solinishi lozim bo‘lgan tovarlar narxlarining (tariflarining) shakllanishi hamda qo‘llanilishini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 722-son qarori tasdiqlandi.
Mamlakatimizda tovar va moliya bozorida raqobat muhitini ta’minlash, narxlari (tariflari) davlat tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy ahamiyatli tovarlar (xizmatlar) va ularning strategik turlarini tubdan qisqartirish, ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar hamda tabiiy monopoliyalar subyektlarining faoliyatini davlat tomonidan narx orqali tartibga solish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan, narxlari (tariflari) davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalardagi qonunchilik hujjatlarini o‘zaro muvofiqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Jumladan,“Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun va 2023-yil 6-iyuldagi PF–108-son Farmonga muvofiq Vazirlar Mahkamasining “Narxlari davlat tomonidan tartibga solinishi lozim bo‘lgan tovarlar narxlarining (tariflarining) shakllanishi hamda qo‘llanilishini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ishlab chiqilgan.
Qarorda quyidagilar nazarda tutilgan:
1) Tovarlarga (ishlar, xizmatlarga) tartibga solinadigan narxlarni (tariflarni) shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash hamda ularning qo‘llanishini davlat tomonidan nazorat qilish, shuningdek, tovar va moliya bozorida sotiladigan tovarlarning (ishlar, xizmatlarning) monopol yuqori va monopol past narxlarini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan.
Ushbu nizomda:
- Iste’molchi va yakuniy iste’molchi tushunchalariga aniqlik kiritilmoqda;
– iste’molchi – xo‘jalik yurituvchi subyektdan tovarni oluvchi, tovarga buyurtma beruvchi yoxud tovarni olish yoki unga buyurtma berish niyatida bo‘lgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
– yakuniy iste’molchi – tovar yoki moliya bozorida foyda olish bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyojlari uchun tovarni sotib olgan jismoniy yoki yuridik shaxs.
- ustun mavqega ega xo‘jalik subyektlari va tabiiy monopoliyalar tovar (ish, xizmat)lari narxlari (tariflari)ni shakllantirish;
– Narx (tarif) ishlab chiqarish va davriy xarajatlar, soliqlar va boshqa to‘lovlar bo‘yicha xarajatlardan hamda sof foyda summasidan shakllanadi.
- monopol yuqori va monopol past narxlarni aniqlash uchun Monopoliyaga qarshi organ tomonidan ma’lumotlarni olish va tahlil qilish;
– Joriy narx (tarif) o‘zgartirilishidan kamida o‘n besh kun oldin e’lon qilishi shart.
- monopol yuqori (narxni oshirish, saqlab qolish yoki pasaytirmaslik, huddi shunday tovardan ancha yuqori narx, birjadagi manipulyatsiya) va monopol past narxni (narxini pasaytirish, narxini saqlab turish va oshirmaslik) aniqlash;
- ustun mavqeni suiiste’mol qilganlik, narxlarini asossiz oshirganlik uchun choralar ko‘rish belgilangan.
2) Davlat tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy ahamiyatli tovarlar (xizmatlar) va ularning strategik turlari ro‘yxati qayta tasdiqlandi.
3) Ushbu qaror bilan 3 ta Hukumat qarori va ularga kiritilgan 16 ta o‘zgartirishlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilgan.
Mazkur qaror 2024-yil 4-apreldan kuchga kiradi.