Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlar tahlil qilinganda, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha haydovchilar soni “CHEKLANMAGAN” holda foydalanish sharti bilan “INSON” AJ sug‘urta tashkiloti tomonidan rasmiylashtirilgan elektron sug‘urta polislari bo‘yicha transport vositasi egasining yaqin qarindoshlarining javobgarligi uchun sug‘urta tovoni to‘lab berilmayotganligi aniqlangan.
Barchaga ma’lumki, amaliyotda sug‘urta polisi haydovchilar soni “CHEKLANMAGAN” holda foydalanish sharti bilan rasmiylashtirilganda polisning 7-bandidagi “Transport vositasining egasining ixtiyori bilan mazkur transport vositasidan foydalanish va uni boshqarishga qo‘yiladigan yaqin qarindoshlari (ota, ona, er/xotin, o‘g‘il, qiz, aka, uka, opa, singil)” qatorlari to‘ldirilmaydi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-sonli qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalariga muvofiq, transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisida ko‘rsatilgan transport vositasi egasining yaqin qarindoshlari (ota-ona, er (xotin), bolalar, aka-ukalar, opa-singillar) ushbu transport vositasidan mustaqil foydalanishi va boshqarishi mumkinligi belgilangan. Qolaversa, mazkur harakat uchun ishonchnoma talab qilish tartibi 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab bekor qilingan.
Shunga qaramasdan, sug‘urta tashkiloti tomonidan sug‘urta tovoni to‘lab berilmagan. Bunga sabab sifatida “CHEKLANMAGAN” sug‘urta polisida transport vositasi egasining yaqin qarindoshlarining ism-shariflari va qarindoshlik darajasi ko‘rsatilmaganligi hamda shu sababli ularning fuqarolik javobgarligi sug‘urtalanmaganligi vaj qilib ko‘rsatilgan.
Mazkur holat bo‘yicha Qo‘mita tomonidan “INSON” AJ sug‘urta tashkilotiga nisbatan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasi (Ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma shartlari buzilgan taqdirda iste’molchining huquqlari) buzilishi alomatlari yuzasidan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi.