Raqobat qo‘mitasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan joriy yilning avgust oyida Mars, Incorporated kompaniyasi (AQSH) murojaati asosida o‘rganish o‘tkazildi.
O‘tkazilgan o‘rganish davomida viloyatda faoliyat yurituvchi 2 ta korxona “AGRO BRAVO” MCHJ va “SAM KOMILJON FAYZ” MCHJlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan muzqaymoq mahsulotlarida Mars, Incorporated kompaniyasiga tegishli bo‘lgan va avval fuqarolik muomalasiga kiritilgan “MARS”, “SNICKERS”, “DOVE” tovar belgilaridan va unga o‘xshash belgilardan va nomlardan foydalanganligi, buning natijasida insofsiz raqobatga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Mazkur holatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasi (xo‘jalik yurituvchi subyektlar yoki ularning manfaatlarini ko‘zlab boshqa shaxslar tomonidan raqobatchilarga nisbatan insofsiz raqobatni amalga oshirish) talablari buzilganligi tasdiqlandi.
O‘tkazilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan korxonalarga nisbatan raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi yuzasidan tegishli tartibda ishlar qo‘zg‘atildi. “AGRO BRAVO” MCHJ va “SAM KOMILJON FAYZ” MCHJlarga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanildi.
Shuningdek, qonun buzilish holatini to‘xtatish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan tegishli ko‘rsatmalar berildi.