Qashqadaryoda issiqlik yetkazilmagan kunlar uchun hisoblangan 2,3 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ qayta hisob-kitob qilindi
Raqobat qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarning markazlashgan issiqlik tizimi orqali issiqlik bilan ta’minlanishi o‘rganildi.
“Issiqlik ta’minoti” MCHJ mahalliy qozonxonalar orqali Qarshi shahri va Nishon, Koson hamda Yakkabog‘ tumanlaridagi jami 384 ta ko‘p qavatli uyning 14 448 ta xonadoniga issiqlik energiyasi yetkazib bergan. 12 ta budjet va boshqa turdagi tashkilotlar bilan ham issiqlik energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha shartnomalar tuzilgan.
O‘rganishlar davomida rejali ta’mirlash, tizimdagi avariyalar, gaz bosimining me’yordan pasayishi, sovuq suv va elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar tufayli qozonxonalar ishlamagan kunlarda issiqlik yetkazilmagani aniqlandi. Shunga qaramay, mazkur kunlar uchun ham qarzdorlik hisoblangan.
Iste’molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini himoya qilish maqsadida bu mablag‘lar mavsum yakuni bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda qayta hisob-kitob qilinishi masalasi ko‘rib chiqildi. Natijada viloyatdagi 5 500 ta xonadonda yashovchi iste’molchilar foydasiga 2,3 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ qayta hisob-kitob qilindi.
Qo‘mita iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiradi.








