Raqobat qo‘mitasi elektr energiya yetkazib berish sohasida iste’molchilarning qonuniy huquqlarini himoya qilish borasida hududlar kesimida tizimli ishlar olib bormoqda.
Jumladan,
Sirdaryo viloyati misolida
Sirdaryo viloyatida faoliyat olib boruvchi “NEW YORK CENTER CO” MChJ xorijiy korxonasi rahbarining elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan korxonada energoaudit tekshiruvi o‘tkazilgan bo‘lib, mazkur tekshiruv xulosalariga ko‘ra elektr ta’minotidan 370 mln so‘mga yaqin qarzdorlik hisoblanganligi va natijada ortiqcha to‘lovlar olinganligi ma’lum qilinib, ushbu qarzdorlikni qonun doirasida qayta ko‘rib chiqilishida hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Mazkur murojaat yuzasidan hududiy boshqarma olib borgan o‘rganishlari natijasida, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Energosavdo” filiali tomonidan “NEW YORK CENTER CO” MChJ XKga nisbatan asossiz hisoblangan qarzdorlik qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
Toshkent shahar misolida
M.Ulug‘bek tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning, Elektr ta’minotidan asossiz ravishda 14 mln so‘m qarzdorlik mavjudligi haqida murojaati kelib tushdi.
Mazkur holatlarga aniqlik kiritish maqsadida, hududiy boshqarma tomonidan, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Energosavdo” filiali Toshkent shahar bo‘linmasini jalb etgan holda o‘rganib chiqildi.
Natijada, iste’molchiga asossiz hisoblangan qarzdorlik qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
Samarqand viloyat misolida
Fuqaro A.Axadov yaqinda uy sotib olganligi hamda olgan vaqtida kommunal to‘lov (elektr energiya)dan qarzi yo‘qligi ma’lum bo‘lsada, kommunal to‘lov (elektr energiya)dan 1 oy vaqt o‘tib 10 mln so‘m asossiz qarzdorlik mavjud ekanligidan norozi bo‘lib murojaat qilgan.
Hududiy boshqarmaning o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Samarqand viloyat hududiy filialiga kerakli huquqiy tushuntirishlar berildi va iste’molchining asossiz qarzdorligi bekor qilinishi ta’minlandi.