Mamlakatimiz mustaqilligining 35-yilligi munosabati bilan, shuningdek 1996-yilda mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor tashkil etilgan «Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi» tashkil etilganligining 30-yilligi munosabati bilan, monopoliyaga qarshi organ faoliyatini yo‘lga qo‘yishda o‘zining fidokorona mehnati bilan munosib hissa qo‘shgan nuroniylarimiz bilan 2026-yil 6-sentyabr kuni «Diydor shirin» davra suhbati tashkil etilib, ularga yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatildi.
Aynan shunday oqil ustozlarimizning boy tajribasi, ilmi va fidoyiligi samarasida xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgan, zamonaviy bozor munosabatlariga to‘liq javob beradigan monopoliyaga qarshi qonunchilik shakllantirilib, mamlakatimizda monopoliyaga qarshi siyosatning mustahkam poydevori yaratildi.
Ustozlarimiz mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki yillarida iqtisodiyotimiz uchun mutlaqo yangi bo‘lgan monopoliyaga qarshi siyosatni respublika hududlarida samarali va barqaror amalga oshirishni ta’minlaydigan qonunchilik bazasini yaratish, kadrlarni yangi tizim asosida qayta tayyorlash, ish jarayonining uzluksizligini ta’minlash hamda yaxlit tizimni shakllantirish ishlarining ilk tashabbuskorlari va mualliflari hisoblanadi.
Mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun monopoliyaga qarshi siyosat nafaqat iqtisodiy samaradorlikni ta’minlovchi, balki aholining ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va barqaror taraqqiyotga erishishning muhim omili hisoblanadi.
Shu jihatdan, xalqimiz manfaatlariga xizmat qiluvchi tizimni yaratishda ustozlarimizning mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, monopoliyaga qarshi siyosatni izchil amalga oshirish yo‘lida qo‘shgan ulkan hissalari, boy tajribalari va ibratli hayot yo‘llari barchamizga yuksak iftixor bag‘ishlaydi.
Nuroniylarimizni bunyodkorlikka yetaklovchi, ezgu maqsadlar sari yo‘l ko‘rsatuvchi ustozlar sifatida chin dildan o‘zimizga o‘rnak va namuna deb bilamiz hamda ularni doimo ardoqlaymiz.








