Raqobat qo‘mitasiga Turkiya fuqarosi tomonidan murojaat kelib tushdi. Murojaatda «Uzbekistan Airways» AJ aviakompaniyasining Anqara–Toshkent reysida yo‘lovchining sog‘ligi uchun muhim bo‘lgan maxsus (glyutensiz) ovqat yetkazib berilmaganligi ta’kidlangan.
Bundan tashqari, murojaatda samolyot salonining sanitariya-gigiyena holati talabga javob bermagani – yo‘lovchi o‘tirgan joyda oldingi reysdan qolgan chiqindilar mavjudligi ham ko‘rsatib o‘tilgan.
Yo‘lovchi chipta sotib olish chog‘ida o‘z sog‘lig‘i bilan bog‘liq vaziyatni oldindan aviakompaniya bilan kelishib olgan va aviakompaniya ushbu maxsus ovqat reysda ta’minlanishini kafolatlagan edi. Biroq, parvoz kuni bu talab bajarilmagan.
Qo‘mita tomonidan «Uzbekistan Airways» AJ aviakompaniyasiga yuborilgan so‘rov bo‘yicha o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasida yo‘lovchi haq ekanligi, maxsus ovqatni Anqara aeroportidagi keytering xizmati tomonidan yetkazib berilmaganligi tasdiqlandi.
Natijada, yo‘lovchiga yetkazilgan ma’naviy va moddiy zararni qoplash maqsadida aviakompaniya tomonidan iste’molchining keyingi reysida xizmat ko‘rsatish klassini biznes-klassga oshirish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi va manfaati himoya qilinishi ta’minlandi.
Shu bilan birga, samolyot salonidagi sanitariya-gigiyena holati bo‘yicha ham mas’ul tashkilotga qo‘shimcha nazorat choralari o‘rnatilishi belgilandi.