Qonunchilikdagi yangiliklar va ularni amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi
Kecha o‘tkazilgan davra suhbatining uzviy davomi sifatida bugun, 29 oktyabr kuni poytaxtimizdagi “Wyndham Tashkent” mehmonxonasida Raqobat qo‘mitasi hamda Germaniyaning “German Sparkassenstiftung for International Cooperation” tashkiloti hamkorligida “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik” mavzusida o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
Unda Qo‘mita markaziy apparati va hududiy organlari mutasaddilari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi, Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni hamda Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda joriy yilda qabul qilingan PF-63, PF-175 va PF-51-son Farmonlari hamda Vazirlar Mahkamasining 563-son qarori tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash, nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish, aholi murojaatlarini qonuniy hal etish va tashqi reklamani joylashtirish tartibini soddalashtirishga qaratilgani qayd etildi.
Shuningdek, seminarda mazkur hujjatlar talablarini amaliyotda qo‘llash bilan birga fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishda qonuniylikni ta’minlash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda Fuqarolik kodeksi talablarini qo‘llash, tashqi reklamani joylashtirish tartibiga rioya etilishi hamda iste’molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini himoya qilish va reklama monitoringi bo‘yicha eng yaxshi amaliyotlar muhokama qilindi. Hududlar tajribasi Namangan, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlari misolida ko‘rib chiqildi.
Mazkur seminar qonunchilik talablarining amaliyotga samarali tatbiq etilishini ta’minlash, tadbirkorlar va iste’molchilar huquqlarini ishonchli himoya qilish hamda ochiq, shaffof hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.








