MULOHAZA
Yaltiragan har narsa oltin yoki zar emas…
…65 yoshli Muhabbat aya anchadan beri qandli diabet bilan kurashadi. Kunlarning biridau “Fitodiabetak” (Fitodiabetic) mahsuloti reklamasini ko‘rib qoldi. Mashhursan’atkorlar “qonim tarkibidagi shakar 17 edi, 8 ga tushdi”, deya ishontirardi.“Shunday mashhur san’atkor yolg‘on gapirmasa kerak”, deb o‘ylagan aya shifokor buyurgan dorilarni bir chetga surib, bor puliga ushbu biologik faol qo‘shimcha (BFQ)ni sotib oldi. Bir hafta o‘tar-o‘tmas, qondagi shakar miqdori keskin ko‘tarilib ketdi…
Bu to‘qilgan voqea emas, balki yuzlab vatandoshlarimiz boshidan kechirayotgan achchiq
haqiqat. Bugun taniqli aktyorlar, xonandalar va blogerlarning turli BFQlar, davolovchi choylar yoki shifobaxsh mahsulotlar reklamasida “najotkor” qiyofasida namoyon bo‘lishi odatiy holga aylandi. Xo‘sh, bu holat qonunchilikka qanchalik to‘g‘ri keladi?
— O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunida BFQlar reklamasiga juda qat’iy talablar qo‘yilgan, — deydi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mas’ul xodimi Farhod Sulaymonov. — Biroq, ko‘pchilik o‘ylaganidek, taniqli insonlarning reklamada chiqishi taqiqlanmagan. Qonun mashhurlarning shaxsini emas, balki ular reklama davomida aytadigan gaplari va usullarini cheklaydi.
BFQlarni dori vositasi, deb ko‘rsatish yoki ular davolash xususiyatiga ega (shifobaxsh) degan taassurot uyg‘otish, insonlarning kasallikdan tuzalgani, ahvoli yaxshilangani haqidagi murojaatlari yoki tavsiyalarini kiritish, reklamada mahsulotning “dorilardan ustunligi” haqida fikr bildirish, “Rek lama qilinayotgan mahsulot dori vositasi emas”, degan majburiy ogohlantirish matnini qoldirmaslik taqiqlanadi.
Ha, qonunda shunday yozilgan. Lekin mashhurlarishtirokidagi reklama roliklarini kuzatsangiz, u yerda o‘zgacha manzarani ko‘rish mumkin. Tavsiya etuvchilar “Shakarim falon edi, pistonga tushdi, shuni ichib yuribman”, mazmunida gapiradi. Qonunga ko‘ra, BFQlar reklamasida “aniq shaxslarning sog‘ayib ketgani haqidagi tavsiyalari”ni ishlatish mumkin emas. Afsuski, aksariyat insonlar bu talabni ham buzishmoqda.
Reklama beruvchilarga odamlarning BFQ va dori vositasini ajrata olmasligi ham qo‘l kelyapti. Mashhur inson mahsulotni maqtaganda, uni jiddiy shifobaxsh dori sifatida qabul qilmoqda. Roliklarda “qon bosimimni tushirdi”, “qand miqdorimni me’yorlashtirdi”, kabi tibbiy jumlalar ishlatilishi to‘g‘ridan to‘g‘ri dori, degan ma’noni keltirib chiqaryapti. Vaholanki, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, iste’molchi mahsulot haqida to‘g‘ri va ishonchli ma’lumot olish huquqiga ega. Agar bo‘rttirilib ko‘rsatilsa yoki chalg‘itilsa, bu yolg‘on (noto‘g‘ri) reklama hisoblanadi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bunday holatlarni nazoratga olib, qonunbuzar tadbirkorlarga va rek lama agentliklariga nisbatan ta’sir choralari qo‘llamoqda. Biroq jarima miqdori reklamadan keladigan daromad oldida juda kichik bo‘lgani uchun soxta tadbirkorlar mashhurlarni pul bilan jalb qilishda davom etyapti. Shunday ekan, bu kabi aldovlarga qarshi kurashishda yangi usullardan foydalanish, hatto, faoliyatini tugatishgacha jazo choralarini qo‘llash kerak.








