Raqobat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari F. Karabayev boshchiligidagi ishchi guruh 9-noyabr kuni Samarqand viloyatida o‘rganish ishlarini boshladi. O‘rganishlar Davlatimiz Rahbari belgilagan vazifalar ijrosini ta’minlash, 2026-yil hosilidan olingan paxta xomashyosi va tolasini qayta ishlash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish maqsadida olib borilmoqda.
9-noyabr kuni viloyat hokimi A. Boboyev, tuman va shahar hokimlari hamda viloyat tashkilotlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda paxtani o‘z vaqtida va sifatli qayta ishlash, korxonalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash, xomashyoning to‘planib qolishi va sifati pasayishining oldini olish hamda tola, chigit, yog‘, shrot, sheluxa va ip-kalava bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish masalalari muhokama qilindi.
Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Sh. Buronov rahbarligida 17 ta davlat idorasi va boshqa tashkilotlar mas’ullaridan iborat hududiy shtab tashkil etish va uning ustuvor vazifalari belgilab olindi.
10-noyabr kuni paxtani qayta ishlashning to‘liq texnologik zanjiriga ega 20 dan ortiq tekstil klasteri va korxona ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda qayta ishlash hajmlari va muddatlari, mahsulot turlari, sotish yo‘nalishlari, ishlab chiqarish bosqichlarini nazorat qilish va muammolarni aniqlash masalalari muhokama qilindi. Har bir korxona bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar tayyorlash boshlandi.
9–10-noyabr kunlari korxonalar joyiga chiqib o‘rganildi.
🔹 Jomboy tumanidagi “Amin Invest International” QK MCHJ ishlab chiqarish quvvatining 50 foizidan foydalanmoqda.
🔹 Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Mobitex MCHJning tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish faoliyati to‘xtab qolgan.
🔹 Pastdarg‘om tumanidagi Samarqand Kamalak Invest Textile klasterining ip-kalava korxonasida elektr ta’minotining muntazam uzilishi ishlab chiqarish vaqtini qisqartirib, xarajatlarni oshirmoqda va uskunalar holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Aniqlangan muammolarga yechim ishlab chiqish bo‘yicha shtab doirasida ishlar boshlandi.








