SUG‘URTA SAVODXONLIGINI OSHIRISH VA MOLIYAVIY XIZMATLAR REKLAMASIGA QO‘YILADIGAN TALABLAR KUCHAYTIRILDI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2026 yil 10 noyabr kuni «Reklama to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida»gi O‘RQ-1187-son Qonun imzolandi.
Mazkur Qonun aholining sug‘urta savodxonligini oshirish, moliyaviy xizmatlar reklamasida iste’molchilarni ehtimoliy moliyaviy xatarlar haqida ogohlantirish hamda ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.
Keyingi yillarda mamlakatimizda sug‘urta xizmatlari va kredit-moliya sohasida iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, aholi va tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, aholi va tadbirkorlarning sug‘urta sohasidagi savodxonligini oshirish, sug‘urta xizmatlari to‘g‘risida ishonchli axborot berish, shuningdek, kredit mahsulotlaridan foydalanish bilan bog‘liq moliyaviy xatarlar haqida iste’molchilarni oldindan ogohlantirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Mazkur masalalarni inobatga olgan holda, Raqobat qo‘mitasi Markaziy bank bilan hamkorlikda mavjud holat va xalqaro tajribani tahlil qilib, moliyaviy xizmatlar reklamasiga tegishli ogohlantirishlarni kiritish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.
Qonun bilan quyidagi muhim yangiliklar belgilandi:
5-moddaga muvofiq — sug‘urtaga oid savodxonlikni oshirishga qaratilgan axborot ijtimoiy axborot turi sifatida belgilandi.
20-moddaga muvofiq — tegishli sohalardagi vakolatli davlat organlari ham ijtimoiy axborot reklama beruvchilari sifatida belgilandi.
43-moddaga muvofiq — kredit, shu jumladan mikroqarz reklamalarida qarz majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xatarlarni keltirib chiqarishi mumkinligi haqidagi ogohlantirish bo‘lishi shartligi belgilandi.
E’tiborli jihati: bunday ogohlantirish reklama maydoni va efir vaqtining kamida 10 foizini tashkil etishi lozim. Mazkur Qonun sug‘urta xizmatlari to‘g‘risida aholiga ishonchli axborot yetkazish, sug‘urta savodxonligi va ushbu xizmatlarga bo‘lgan ishonchni oshirish, shuningdek, kredit mahsulotlaridan foydalanishda moliyaviy xatarlar haqida iste’molchilarni xabardor qilish hamda mas’uliyatli qarz olish madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan kuchga kiradi.
Kredit reklamasidagi ogohlantirish talabi undan 3 oy o‘tgach amalga kiritiladi*.*








