Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi” AJ ning boshlang‘ich narxi 1,2 mlrd so‘mdan ortiq tanlov savdosi bekor qilindi
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasiga kelib tushgan murojaat yuzasidan “Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi” AJ buyurtmachiligida jamiyat hududi va binolariga reklama bannerlar hamda yozuvlar o‘rnatish ishlari uchun boshlang‘ich narxi 1,2 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan tanlash savdosida “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablariga muvofiqligi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Olib borilgan o‘rganish natijasida, “Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi” AJ tomonidan “**Raqobat to‘g‘risida”**gi Qonunining 29-moddasi talablariga rioya qilinmaganligi, ya’ni savdolarda raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan savdolarni o‘tkazishning qonunchilikda belgilangan tartibini buzish holatlari aniqlandi.
Yuqoridagilarga muvofiq, Raqobat qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasining qonunchilik talablariga amal qilish yuzasidan o‘tkazgan tekshiruv natijasiga ko‘ra “Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi” AJ tomonidan o‘tkazilgan tanlash savdosi ixtiyoriy ravishda bekor qilindi.
Aniqlangan qonunbuzilishlarning oldi olinishi davlat mablag‘larining samarali va shaffof sarflanishini ta’minlaydi, shu bilan birga tadbirkorlar uchun ochiq va adolatli raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.








