Raqobat qo‘mitasi davlat xaridlarida raqobat qonunchiligiga rioya etilishini o‘rganmoqda
Raqobat qo‘mitasi tuman (shahar) hokimliklari va ular huzuridagi obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan 2025 yilda hamda 2026 yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan davlat xaridlarida “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazmoqda.
O‘rganish davomida quyidagilarga alohida e’tibor qaratilmoqda:
barcha ishtirokchilar uchun teng imkoniyatlar yaratilganligi;
ayrim ishtirokchilarga imtiyozli shart-sharoitlar berilmaganligi;
ishtirokchilar savdolardan asossiz chetlatilmaganligi;
xarid hujjatlarida muayyan ishtirokchiga “moslashtirilgan” texnik talablar belgilanmaganligi;
xaridlarni sun’iy bo‘lib tashlash orqali tanlov o‘tkazishdan qochish holatlari yo‘qligi.
Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atiladi, bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar beriladi, zarur hollarda esa savdolar natijalarini bekor qilish choralari ko‘riladi.
Davlat xaridlarida sog‘lom raqobatni ta’minlash budjet mablag‘larining samarali va shaffof sarflanishiga, tadbirkorlar uchun esa adolatli sharoit yaratilishiga xizmat qiladi.








