Tibbiyot muassasalarida iste’molchilardan asossiz undirilgan 300 mln so‘mga yaqin mablag‘larni qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi
Raqobat qo‘mitasining Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan viloyat hududida faoliyat yuritayotgan Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Uchqo‘rg‘on, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmalarida tibbiyot uchun mo‘ljallangan o‘lchash va sinash vositalarining metrologik ko‘rikdan o‘tkazilganligi, shuningdek, ulardan bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida foydalanilishi holati yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Olib borilgan o‘rganishlar natijasida tibbiyot birlashmalari tomonidan foydalanilayotgan tibbiy asbob-uskunalar belgilangan muddatlarda metrologik ko‘rikdan o‘tkazilmagan holda xizmatlar ko‘rsatilganligi, shuningdek, narxnomada hisobga olingan, ammo amalda ishlatilmagan materiallar uchun iste’molchilardan qariyb 300 mln so‘m miqdorida asossiz daromad olinganligi holatlari aniqlandi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli moddalari hamda Vazirlar Mahkamasining ushbu sohada xizmat ko‘rsatish asoslari belgilangan Qarori talablari buzilishi yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunida belgilangan tartibda iste’molchilardan asossiz olingan mablag‘larni qaytarilishi bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.








