Tashqi reklamani joylashtirish tartibi tadbirkorlar foydasiga qayta ko‘rib chiqilmoqda
Qo‘mita tomonidan tashqi axborot vositalarini tizimli tartibga solish, tashqi yozuvlarni o‘rnatish va ulardan foydalanishni nazorat qilish hamda joylashtirish tartibini nazarda tutuvchi Tashqi yozuvlarni tartibga solish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi (ID-9160) tayyorlangan.
Mazkur hujjat bilan amaliyotda turli kelishmovchilikni keltirib chiqarayotgan va qonunchilikdagi bo‘shliq hisoblangan ayrim jarayonlarga va tushunchalarga aniqlik kiritilmoqda. Xususan, “tashqi axborot vositasi, “tashqi yozuv”, axborot ko‘rsatkichi”, “peshlavha”, “e’lon”, “ma’lumotlar taxtasi” kabi tushunchalarga aniq tarif berilmoqda.
Bunda, “tashqi axborot vositasi” va “tashqi yozuvlar” tashqi muhitga qaratilgan hamda tijorat maqsadi ko‘zlanmagan axborot, ya’ni reklama tusiga ega bo‘lmagan vositalar hisoblanib, tashqi axborot vositalarini ularga reklama yoki tijorat tusiga ega bo‘lgan axborot yoki tasvirni joylashtirish orqali o‘rnatishga va foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, peshlavhalar – savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarida faoliyati tasnifi (tashkilot nomi, ixtisoslashuvi) to‘g‘risidagi ma’lumot hisoblanib (misol uchun: dorixona, sartaroshxona, AYOQSH, milliy taomlar, supermarket, shifoxona, oziq-ovqat, qurilish va xo‘jalik mollari do‘koni), bunday peshlavhalar tashqi reklama obyekti hisoblanmaydi va reklama joyining pasportini olish shart emas.
Ya’ni, muayyan tadbirkorlik subyekti egallab turgan binoning tashqi tomonida binoga kirish joyida o‘zi va faoliyat turi (ixtisosligi) to‘g‘risida joylashtirilgan yoki mazkur tadbirkorning mahsuloti haqida shu bino vitrinasidagi axborot (peshlavha) reklama hisoblanmaydi va buning uchun tegishli ruxsat etish xususiyatidagi hujjatlarni olish hamda to‘lovlarni amalga oshirish talab etilmaydi.
Ma’lumot uchun: reklama obyektiga e’tiborni jalb qilish, unga bo‘lgan qiziqishni shakllantirish yoki qo‘llab-quvvatlash, shuningdek uni bozorda bevosita yoki bilvosita foyda (daromad) olish maqsadida ilgari surish uchun mo‘ljallangan maxsus axborot – reklama hisoblanadi.
Ta’kidlash joizki, xususiy mulk bo‘lgan binolarda tashqi reklama konstruksiyalarini joylashtirish huquqini beruvchi reklama joyining pasportini rasmiylashtirish bevosita mahalliy hokimliklar tomonidan, Toshkent shahrida esa hokimlik huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti tomonidan amalga oshiriladi.
Qo‘mita o‘z navbatida, reklama mazmunining, ya’ni kontentni reklama qonunchiligi talablariga mosligi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.
Raqobat qo‘mitasi mamlakatimizdagi barcha yuridik shaxslar(tadbirkorlik subyektlari)ni, ish yurituvchi kompaniyalar va tashkilotlarni, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari hamda keng jamoatchilik vakillarini mazkur loyiha muhokamasida faol ishtirok etishga chorlaydi. Sizdan kelib tushgan har bir taklif o‘rganilib, loyihani yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Ushbu loyiha bilan belgilanayotgan yangi tartiblar Davlatimiz rahbari tomonidan ham ma’qullanib, uning dolzarbligi yana bir bor ta’kidlandi. Hamda, uning ijrosi va amalda qo‘llanilishi bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga tegishli topshiriqlar berildi.
🗓Loyiha muhokamasi joriy yilning 25-apreldan boshlangan, 10-mayga qadar davom etadi.
Loyihada o‘z fikringizni bildiring (https://regulation.adliya.uz/project/9160/27589)








