Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mutasaddi idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda tuzilgan ishchi guruhi tashqi reklama va tashqi targ‘ibot vositalarining O‘zbekiston Respublikasi «Davlat tili haqida»gi hamda «Reklama to‘g‘risida»gi qonunlariga mosligi yuzasidan monitoringlarini o‘tkazib kelmoqda.
Qo‘mitaning Sirdaryo va Jizzax viloyati hududiy boshqarmalari tomonidan Guliston va Jizzax shaharlaridagi markaziy hamda ichki ko‘chalaridagi noqonuniy o‘rnatilgan tashqi targ‘ibot vositalari olib tashlandi.
Guliston shahar hokimligi ishchi guruhi bilan Guliston shahrining Navoiy ko‘chasida olib borilgan monitoring davomida o‘zboshimchalik bilan noqonuniy o‘rnatilgan tashqi reklama vositalariga duch kelindi.
Jizzax shahridagi o‘rganishlarda ishchi guruh bilan simyog‘och, gaz uzatish tarmoqlari hamda daraxtlarda noqonuniy joylashtirilgan reklamalar borligi aniqlandi. Shuning bilan bir qatorda “Davlat tili haqida”gi qonunga nomuvofiq reklamalar mavjudligi ko‘zga tashlandi. Ya’ni «Обой», “Авто мойка”, “Мы открылись”, “Мужской, женский салон» kabi so‘zlar ishlatilgan.
Jumladan, “Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston hududida reklamani davlat tilida tarqatilishi;
“Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasiga asosan lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtirilishi va e’lon qilinishi belgilangan.
Shu bilan birga, tadbirkorlik subyektlari, keng jamoatchilik vakillari hamda OAV xodimlari ishtirokida “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyatini keng yoritish, yangi kiritilgan normalar bilan jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida joylarda targ‘ibot tadbirlari, tadbirkorlar bilan uchrashuvlar muntazam olib borilmoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, tashqi reklama vositalarini joylashtirish tartibi qat’iy belgilangan bo‘lib, o‘zboshimchalik bilan, konstruksiyalar tashqarisida joylashtirilgan plakatlar va e’lonlar noqonuniy hisoblanadi va belgilangan tartibda demontaj qilinadi.
Olib borilgan monitoringlar natijasida tashqi reklama vositalarida yo‘l qo‘yilgan xatoliklarni tuzatish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish obyektlari va do‘kon egalariga tushuntirish ishlari olib borilib, ogohlantirish xatlari berildi. Aksariyat reklama vositalari qonun talablariga moslashtirildi.