Raqobat qo‘mitasi Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasiga “ENERGOMER SERVIS” MChJ tomonidan murojaat kelib tushdi. Unda tadbirkor Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi buyurtmachiligida o‘tkazilgan “eng yaxshi takliflarni tanlash” savdosidan asossiz chetlashtirilganini bildirgan va savdo natijalarini qonun doirasida o‘rganishni so‘ragan.
Ushbu murojaat yuzasidan Qo‘mita o‘rganish ishlarini olib bordi. Natijada, savdo jarayonida O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 29-moddasi hamda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 32-, 46- va 61-moddalari talablari buzilganligi aniqlandi.
Aniqlangan qonunbuzarliklar asosida, Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 12-oktyabrdagi 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasiga nisbatan tegishli tartibda ish qo‘zg‘atilib, bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Shuningdek, qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan mas’ul mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanildi.