Fuqarodan savol:
– Tabiiy monopoliya subyektlarining huquq va majburiyatlari nimalardan iborat?
Mutaxassis javobi:
Tabiiy monopoliya subyektlarining huquq va majburiyatlari
Tabiiy monopoliya subyektlari quyidagi huquqlarga ega:
– realizatsiya qilingan tovarlar uchun haq to‘lanishini ta’minlamayotgan iste’molchilarga xizmat ko‘rsatishni qonunchilikda belgilangan tartibda rad etish;
– tabiiy monopoliya sharoitlarida realizatsiya qilinadigan tovarlarning narxlarini (tariflarini) vakolatli davlat organini xabardor qilgan holda barcha iste’molchilar uchun bir vaqtda pasaytirish.
Tabiiy monopoliya subyektlari:
– o‘z tovarlarining sotib olinishida iste’molchilar uchun teng shart-sharoitlar yaratib berishi, barcha iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish uchun quvvatlar yetarli bo‘lmagan taqdirda, tovarlar iste’molchilar o‘rtasida adolatli taqsimlanishini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq tartibga solishi;
– o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni vakolatli davlat organiga qonunchilikda belgilangan tartibda taqdim etishi;
– tovarlarning narxlarini (tariflarini) belgilash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan vakolat berilgan organga ishonchli axborotni taqdim etishi;
– tabiiy monopoliya sharoitlarida amalga oshiriladigan tovarlar ishlab chiqarishga (realizatsiya qilishga) doir to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlarning alohida-alohida hisobini yuritishi shart.
Tabiiy monopoliya subyektlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi va ularning zimmasida o‘zga majburiyatlar bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, 03.07.2023 yildagi O‘RQ-850-son
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni “Raqobat to‘g‘risida” 17-modda.