MUAMMO VA YECHIM
Mijoz kredit to‘lovini ortig‘i bilan to‘lasa ham, foiz hisoblanishi to‘g‘rimi?
Siz bankdan kredit olgansiz. Har oy shartnomadagi mablag‘ga qo‘shimcha pul to‘laysiz. Ammo negadir asosiy qarz kamaymaydi. Bugun ko‘plab mijozlar mana shunday muammo bilan yuzma-yuz kelishmoqda. Ayrim banklarda kredit bo‘yicha oylik to‘lovdan ortiqcha to‘langan mablag‘lar asosiy qarzni kamaytirishga yo‘naltirilmasdan, tranzit hisobvaraqlarda saqlanib qolmoqda.
Umida MANSUROVA,
jurnalist.
Buning oqibatida asosiy qarz kamaymay, unga foiz hisoblanishi davom etmoqda.
— Ayrim banklarning kredit shartnomalarida ortiqcha to‘lovni asosiy qarzga yo‘naltirish majburiyati aniq belgilangan, — deydi Raqobatni rivojlantirish va istemolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mas’ul xodimi Jasur XALILOV. — Biroq, amalda ushbu talab bajarilmayotgani, bank mobil ilovalarida kredit to‘lovlari bilan bog‘liq jarayonlarni boshqarish imkoniyatlari yetarli emasligi ma’lum bo‘lmoqda. Vaholanki, ortiqcha to‘langan mablag‘ning asosiy qarzga yo‘naltirilmasligi va unga foiz hisoblanishining davom etishi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid hisoblanadi. Shuningdek, bank xizmatlari iste’molchilari bilan munosabatlarga oid nizomga ko‘ra, oylik to‘lovdan ortiq kelib tushgan mablag‘, agar shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, asosiy qarzni so‘ndirishga yo‘naltirilishi va kredit summasi qayta hisoblanishi lozim. Bank dasturiy ta’minotidagi nosozliklar esa iste’molchi majburiyatlarining ortishiga olib kelmasligi kerak. Shu bois Markaziy bangga kredit to‘lovlari bo‘yicha hisob-kitob tartibini iste’molchilar foydasiga qayta ko‘rib chiqish yuzasidan taklif yubordik.
Xo‘sh, bu muammoga yechim bormi? Albatta, bor. Buning uchun joriy amaliyot va xorijiy tajriba asosida bank xizmatlari iste’molchilari bilan munosabatlarga oid nizomning ortiqcha to‘lovlarni asosiy qarzga yo‘naltirish tartibini belgilovchi 37-bandi talablarini iste’molchilar manfaatlaridan kelib chiqib qayta ko‘rish, kredit hisob-kitoblari, jumladan, muddatidan oldin to‘lash shartlarini bevosita “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solish lozim.








