So‘nggi vaqtlarda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda dori vositalari reklamasida iste’molchilarni chalg‘ituvchi yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan bo‘rttirilgan iboralardan foydalanish holatlari kuzatilmoqda.
Xususan, reklamalarda «noyob», «eng samarali», «eng xavfsiz», «kafolatlangan natija», «eng ishonchli vosita», “tez davolaydi”, “nojo‘ya ta’sirlari mavjud emas”, “samarasi isbotlangan” kabi iboralar qo‘llanilmoqda.
Bunday ma’lumotlar iste’molchilarda dori vositasining xususiyatlari haqida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otishi, shifokor maslahatisiz o‘zboshimchalik bilan davolanishga undashi hamda sog‘liq uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, inson salomatligi bilan bog‘liq reklama iste’molchilarda shifokorga murojaat qilish shart emas, degan fikrni shakllantirmasligi lozim.
“Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 34-moddasiga muvofiq, dori vositalari reklamasida:
🔴shifokor maslahatisiz mustaqil davolanish mumkinligi haqida taassurot uyg‘otish;
🔴olimlar, tibbiyot xodimlari yoki mashhur shaxslarning tavsiyalaridan foydalanish;
🔴alohida shaxslarning minnatdorlik izhorlari va muvaffaqiyatli davolanish holatlarini keltirish;
🔴dori vositasini eng samarali, eng xavfsiz yoki noyob vosita sifatida taqdim etish;
🔴ta’siri kafolatlanganligi haqida tasdiq berish;
🔴boshqa dori vositalari bilan noto‘g‘ri taqqoslashlarga yo‘l qo‘yish taqiqlanadi.
Shuningdek, retseptsiz beriladigan dori vositalari reklamasi qo‘llash bo‘yicha qarshi ko‘rsatmalar mavjudligi hamda mutaxassis maslahatini olish zarurligi haqidagi ogohlantirish bilan birga berilishi shart.
Raqobat qo‘mitasi reklama beruvchilar va reklama tarqatuvchilarni qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishga, fuqarolarni esa dori vositalarini tanlash va qabul qilishda faqat reklamaga emas, balki shifokor tavsiyasiga tayanishga chaqiradi.








