Reklamada noto‘g‘ri axborot tarqatgan shaxsga nisbatan chora ko‘rildi
Raqobat qo‘mitasi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi “LARGO TYRES GROUP” MChJ o‘zining qonuniy ravishda dilerlik shartnomasi asosida “Largo” rusumli shina va akkumulyatorlar importini amalga oshirgan holda ushbu mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullanib kelayotgani, ammo Xonqa tumanida faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda uning mahsulotlari savdosiga nisbatan salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi axborotlar tarqatayotgani yuzasidan tushgan murojaatini o‘rganib chiqdi.
Olib borilgan o‘rganishlarda YATT X.B. o‘zining “shina.olami” nomli Instagram sahifasida “LARGO TYRES GROUP” MChJning “LARGO” rusumli shina va akkumulyatorlari sifati va iste’mol xususiyatlari to‘g‘risida asoslanmagan ma’lumotlar tarqatgani natijasida «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunining 16-moddasi talablari buzilgani, shuningdek, reklamada O‘zbekistonga import qilinayotgan Xitoyda ishlab chiqarilgan “Largo”, “Wanda”, “JOYROAD” rusumli mahsulotlarni kamsituvchi xususiyatga ega bo‘lgan nomaqbul axborotlar ham boriligi kuzatildi.
Yuqoridagilarga ko‘ra,“Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining tegishli moddalari talablari buzilishi yuzasidan X.B.ga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, sudga yuborildi.








