O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Xushnudbek.uz telegram kanalida e’lon qilingan “Nega Yandex.Go (Taxi) O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmagan? Nega boshqa taksi agregatorlari kabi teng soliq to‘lamaydi?” sarlavhali maqolasi yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Yandex” kompaniyasi mamlakatimizda yuridik shaxsni tashkil etmaganligi masalasi o‘z vakolatlariga kirmasligi ammo, ushbu masalada vakolatli davlat organlarining kelishilgan izchil harakatlariga ehtiyoj mavjudligi ma’lum qilingan edi (02.03.2023-yil).
Shu bilan birga shuni ma’lum qilamizki, teng raqobatni ta’minlash nuqtayi nazaridan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning O‘zbekiston hududida soliq rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tmaganligi, ularning bozordagi ustun mavqeini aniqlashga ta’sir etmaydi.
Shuningdek, joriy yilning 4-oktyabridan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 3-iyuldagi 850-sonli “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni 18-moddasiga muvofiq, raqamli platformalarga bozorda o‘z ustun mavqeni va ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilishni taqiqlash yuzasidan ham muayyan cheklovlar kiritilgan.
Ta’kidlash joizki, biz jamiyatdagi bu kabi dolzarb muammolarni olib chiqib adolatli yondashayotgan Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev faoliyatini qo‘llab-quvvatlaymiz va bu kabi kechiktirib bo‘lmaydigan masalalar Qo‘mitaning doimiy nazoratida ekanligini ma’lum qilamiz.
Axborot xizmati tomonidan oldin xabar berilganidek, raqamli bozorlarda biror-bir sohani tahlilini o‘tkazish va uning mexanizmlarini belgilash ma’lum bir muddatlarni taqozo etadi. Qo‘mita bu borada o‘tgan vaqt davomida ham tegishli izchil ishlarni amalga oshirdi. Hozirda ushbu sohadagi tegishli normativ huquqiy hujjatlar ishlab chiqilib amaliyotga tatbiq etish jarayonida.
Jumladan, Qo‘mita tomonidan raqamli platformalarga nisbatan ustun mavqeni suiiste’mol qilishga yo‘l qo‘ymaslik va uni nazorat qilishning aniq mexanizmlarini nazarda tutuvchi “Raqamli platforma operatorining ustun mavqei va ustun muzokara kuchini e’tirof etish hamda raqobatning cheklanishiga olib keladigan harakatlarni aniqlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom loyihasi ishlab chiqildi hamda vazirlik va idoralar bilan kelishuv jarayonida.
Bugungi kunda, raqamli platforma bo‘lgan agregatorlar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar bozorining tahliliy ishlari yakunlandi va yaqin kunlarda uning natijalari e’lon qilinadi.