Ijtimoiy tarmoq orqali (https://t.me/potrebitel_bukhara/125665) “Buxoro shahridagi savdo shoxobchasidan xarid qilingan qandolat mahsulot uchun 141 000 so‘m o‘rniga kassada 181 000 so‘m hisoblab olib qolingani” mavzuida post qoldirilgan.
Mazkur murojaat Raqobat rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqilganda fuqaro joriy yilning 17 yanvar kuni taxminan soat 13:00 da do‘kondan shokolad va boshqa mahsulotlarni sotib olish maqsadida kassaga kelganida unga 181 ming so‘m hisoblangani aniqlandi. Iste’molchi uyga kelib, qayta hisob-kitob qilganida undan ortiqcha 40 ming so‘m olib qolingani ayon bo‘lgan.
Hududiy boshqarma mutaxassislari savdo shoxobchasining video kamerasi orqali ham holatni ko‘rib chiqdi. Unda savdo jarayonida texnik nosozlik sabab mahsulot uchun ortiqcha haq ushlab qolingani ma’lum bo‘ldi.
Shu kuni savdo xizmati ko‘rsatish xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 75-sonli qarori Chakana savdo qoidalari to‘g‘risida tushuntirishlar berib o‘tildi. Shundan so‘ng “MAGIC FRUIT ALMOND” MChJ tomonidan fuqaroga yetkazilgan zarar qoplab berilishi ta’minlandi.