Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi “gazna1” telegram kanalida “Maktablarga kompyuterlar olib berish uchun o‘tkazilgan deyarli 50 mlrd so‘mlik tenderlar tanish bilishlarga berib yuborilganga o‘xshaydi” sarlavhasi ostida 2023-yil 24-iyunda chop etilgan tanqidiy maqola yuzasidan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish jarayonida, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining “Ta’minot va logistika xizmati” DUK tomonidan o‘tkazilgan 3 ta (267236, 267239 va 266970) tender savdolarida raqobat to‘g‘risidagi Qonunning 14-moddasi birinchi qismi talablari (Tanlov (tender) savdolarini o‘tkazishda raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar va savdolar o‘tkazishning qonunchilikda belgilangan tartibini buzish) buzilganlik alomatlari aniqlanib, holat yuzasidan Qo‘mita tomonidan “Ta’minot va logistika xizmati” DUK va tender ishtirokchilariga nisbatan qonun buzilish alomatlari yuzasidan ish qo‘zg‘atildi.