Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 6 martdagi Farmoyishi bilan boshlangan “Dolzarb bir oylik” safarbarligi doirasida Raqobat qo‘mitasi ishchi guruhi tomonidan Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi mahallalarda olib borilgan o‘rganishlar tomorqalardan unumli foydalanishni tashkil etish orqali aholi bandligi va daromadlarini oshirish, hududlarni obodonlashtirishni jadallashtirishda muhim qadam bo‘lmoqda.
Qo‘mita raisi Halilillo Turaxujayev boshchiligidagi ishchi guruhi mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda Yangiariq tumanidagi “Soburzon”, “Yangiobod”, “Yangiyer”, “Uyg‘ur” va “Jaloil” mahallalarida o‘tkazilgan tashrif davomida, aholi turmush tarzi bilan tanishildi, yigirmaga yaqin xonadon tomorqalari, ekinlar uchun issiqxonalar qurish hamda ularni sug‘orish tarmoqlari bilan ta’minlanishi bilan bog‘liq holatlar o‘rganildi. Tashrif davomida aholi bilan suhbatlar olib borilib, ularning muammolari hamda takliflari tinglandi.
Misol uchun “Soburzon”, “Yangiobod” va “Xo‘jalar” mahallalarida fuqarolar xonadoni tomorqalari va dala maydonlari ekinlarini sug‘orish uchun ariqlarni betonlashtirish hamda oqava suv quvurlarini yotqizish bo‘yicha boshlangan ishlar yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi. Uchrashuvlar davomida bunday ishlarni samarali tashkil etish maqsadida har bir mahallaga yetakchi tadbirkor, usta dehqon va agronomlar biriktirildi.
Shuningdek, mahallalarning guzarlari va ko‘chalarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish bo‘yicha ishlarni tashkil etish yuzasidan mas’ul rahbarlarga aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Qo‘mita ishchi guruhi mazkur mahallalarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi bo‘yicha mevali va manzarali daraxtlar, buta va gul ko‘chatlari ekish bo‘yicha tashkillashtirilgan ishlar hamda tumandagi Shayx Muxtor Vali ziyoratgohida olib borilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan ham tanishdi.