Raqobat qo‘mitasi tomonidan yengil avtomobillarni xarid qilish va ularga ko‘rsatilayotgan servis xizmatlaridan noroziligi yuzasidan iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlar o‘rganilib tahlil qilinganida joriy yilning o‘tgan ikki oyi davomida mazkur yo‘nalishda 154 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, shulardan
106 tasi (68,8 foiz) qanoatlantirilgan;
36 tasiga (23,4 foiz) tushuntirish berilgan;
11 tasi vakolatli organlarga yuborilgan.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida iste’molchilarga 705,3 mln so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilib berilgan. Shuningdek, 6 ta avtomobillar sifatsiz bo‘lganligi sababli almashtirib berilgan.
Jumladan,
Fuqaro B. E. Qo‘mitaga qilgan murojaatida Toshkent shahrida joylashgan “Pronto Motor Trade” MChJga qarashli avtosalondan “Tracker-2 TRK Redline” modelli avtomobiliga buyurtma berganligi, biroq avtomobilda nuqsonlar mavjudligini va uni yangi va sifatlisiga almashtirilishida amaliy yordam berish so‘ralgan. Qo‘mita tomonidan murojaatni ko‘rib chiqish natijasida 253,4 mln so‘m qiymatdagi “Tracker-2 TRK Redline” modelli avtomobil yangisiga almashtirilishi ta’minlandi.
Fuqaro J.K. Qo‘mitaga qilgan murojaatida Toshkent shahrida joylashgan “YAS-Petroleum Trade” MChJga qarashli avtosalondan “LIXIANG L9” modelli avtomobil xarid qilganligi, oradan vaqt o‘tib avtomobilda nuqson aniqlanib nosoz holga kelganligini ma’lum qilib, avtomobilni bepul ta’mirlab berilishida amaliy yordam so‘ralgan. Qo‘mita tomonidan murojaatni ko‘rib chiqish natijasida 69,3 mln so‘m qiymatdagi ta’mirlash xizmati jamiyat tomonidan iste’molchiga bepul ko‘rsatilgan va murojaatdagi masala ijobiy bartaraf etilgan.
Fuqaro N. T. Qo‘mitaga qilgan murojaatida, fuqaro avtomashinasini ta’mirlatish maqsadida Toshkent shahrida joylashgan BYD Rohat servis markaziga murojaat qilganligi, servis markazi tomonidan umumiy xarajatlar qiymati 51 mln so‘m bo‘lishi bildirilgan bo‘lib, jamiyat tomonidan kelishilgan narx ustiga yana 12 mln so‘m qo‘shilganligi, ushbu pul mablag‘lari to‘lov qilinmasa avto ehtiyot qisimlarini eskisi o‘rnatib berilishidan noroziligini bildirib, ushbu holat yuzasidan amaliy yordam so‘ragan. Murojaat yuzasidan “MK Direct” MChJ XKni jalb qilgan holda o‘rganish ishlari olib borildi. Natijalariga ko‘ra, jamiyat tomonidan avtomashinaning o‘rindiqlari shikastlanganligi sabab yangisiga almashtirish lozimligi ma’lum qilingan bo‘lib, ushbu o‘rindiqlarni o‘rnatib berish bilan barcha xarajatlar 12,7 mln so‘m bo‘lishi bildirilgan hamda sodiqlik doirasida barcha mijozlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida servis markazi tomonidan ushbu xizmatlar uchun 12,7 mln so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari undirilmasdan bepulga almashtirib berilishiga erishilgan.