Raqobat qo‘mitasi tomonidan «VFS Global Services UBKN» va «Vizametric» MCHJlar ustun mavqega «TLS Contact» MCHJ esa ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etildi
Qo‘mita tomonidan tovar va xizmat bozorlarida raqobat muhitini tahlil qilish hamda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash doirasida chet el davlatlariga chiqish uchun viza xizmatlarini ko‘rsatish bozori tahlil qilindi va tahlil natijalariga ko‘ra:
«VFS Global Services UBKN» MCHJ Avstriya, Vengriya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Daniya, Belgiya, Bolgariya, Xorvatiya, Chexiya, Estoniya, Finlandiya, Gretsiya, Irlandiya, Latviya, Litva, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Yangi Zelandiya, Isroil va Malta davlatlariga, «Vizametric» MCHJ Amerika Qo‘shma Shtatlariga chiqish uchun viza xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasiga asosan ustun mavqega ega deb e’tirof etildi.
«TLS Contact» MCHJ Germaniya va Fransiya davlatlariga chiqish uchun viza xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 14-moddasiga asosan ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etildi.
Eslatib o‘tamiz, “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning:
🔘13-moddasiga asosan tovar yoki moliya bozoridagi xo‘jalik yurituvchi subyektning yoxud shaxslar guruhining unga o‘z faoliyatini raqobatlashuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarga bog‘liq bo‘lmagan holda amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatish, tegishli bozorga boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ushbu boshqa subyektlarning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holati ustun mavqe hisoblanadi;
🔘14-moddasiga asosan ustun mavqega ega bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhi tomonidan bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni va narxni belgilashga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyatining mavjudligi ustun muzokara kuchi deb e’tirof etiladi;
🔘18-moddasiga asosan ustun mavqega yoki ustun muzokara kuchiga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektning pirovard natijada raqobatni cheklashga va (yoki) iste’molchilarning, boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlari, ustun mavqeni yoki ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilish deb e’tirof etiladi.








