Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan monitoringlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali “Halolmevali ko’chatlar» nomi ostida mevali ko‘chatlar savdosini amalga oshiruvchi xizmatlar to‘g‘risida reklama axborotlari joylashtirilganligi aniqlandi.
Dastlabki o‘rganishlarda mevali ko‘chatlar savdosi to‘g‘risida ma’lumot beruvchi axborot resursi orqali daraxt ko‘chatlari olish niyatida bo‘lgan fuqarolarni chalg‘itish maqsadida o‘z axborot resursi nomlanishida asossiz ravishda “Halolmevali ko’chatlar» nomidan foydalanganligi ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumot uchun: Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning «Halol» sertifikati yoki «Halol» nom odatda oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash, ishlab chiqarish, qadoqlash, saqlash va tashish jarayonlarida qo‘llanilishi, turli reklama va e’lonlarida aholini chalg‘ituvchi «halol» so‘zini qo‘shish bilan mijozlar sonini ko‘paytirishni maqsad qilingani bo‘yicha ham umumiy xulosasi mavjud.
Yuqoridagilarga ko‘ra, «Halolmevali ko’chatlar» axborot resursini yurituvchi shaxslarga reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablari haqida tegishli huquqiy tushuntirishlar berilib, noto‘g‘ri reklama berganlik uchun axborot resurs egasi ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Natijada «Halolmevali ko’chatlar» platformasi nomi ixtiyoriy ravishda boshqa nomga o‘zgartirilishi ta’minlandi.
Qo‘mita tomonidan axborot resurslari (ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda va telegram messenjerida tashkil qilingan guruh va kanallar) orqali joylashtirilgan reklamalarning amaldagi reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga mosligi yuzasidan o‘rganish va tahlil ishlari davom ettirilmoqda.