Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan monitoringlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali “Halol Bozor» nomi ostida ko‘chmas mulklar savdosini amalga oshiruvchi xizmatlar to‘g‘risida reklama axborotlari joylashtirilganligi aniqlandi.
Dastlabki o‘rganishlarda xususiy uy-joy savdosi to‘g‘risida ma’lumot beruvchi axborot resursi orqali ko‘chmas mulk olish niyatida bo‘lgan fuqarolarni chalg‘itish maqsadida o‘z axborot resursi nomlanishida asossiz ravishda “Halol Bozor» nomidan foydalanganligi ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 16-moddasiga ko‘ra, nomaqbul (noaniqligi, bir xil ma’noli bo‘lmaganligi, bo‘rttirib yuborilishi, yashirib ketilishi, tarqatilish vaqti, joyi va usuliga nisbatan talablarning hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa talablarning buzilishi natijasida reklamadan foydalanuvchilarni chalg‘itadigan yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan) reklama taqiqlangan.
Shuningdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning «Halol» sertifikati yoki «Halol» nom odatda oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash, ishlab chiqarish, qadoqlash, saqlash va tashish jarayonlarida qo‘llanilishi, turli reklama va e’lonlarida aholini chalg‘ituvchi «halol» so‘zini qo‘shish bilan mijozlar sonini ko‘paytirishni maqsad qilingani bo‘yicha ham umumiy xulosasi mavjud.
Yuqoridagilarga ko‘ra, «Halol Bozor» axborot resursini yurituvchi shaxslarga reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablari haqida tegishli huquqiy tushuntirishlar berilib, qonunbuzilish holatini kelgusida takrorlamaslik yuzasidan ko‘rsatma xati kiritildi.
Natijada «Halol Bozor» platformasi nomi ixtiyoriy ravishda boshqa nomga o‘zgartirilishi ta’minlandi.
Qo‘mita tomonidan axborot resurslari (ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda va telegram messenjerida tashkil qilingan guruh va kanallar) orqali joylashtirilgan reklamalarning amaldagi reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga mosligi yuzasidan o‘rganish va tahlil ishlari davom ettirilmoqda.