RAQOBAT QO‘MITASI: “TASHABBUSLI BYUDJET” LOYIHASI DOIRASIDA NOQONUNIY REKLAMALARGA ISHONMANG!
Mamlakatimizda fuqarolarning byudjet jarayonlarida faol ishtirokini ta’minlash maqsadida “Tashabbusli byudjet” loyihasi amalga oshirib kelinmoqda.
Mazkur jarayon doirasida fuqarolar o‘zlarini qiynab kelayotgan ijtimoiy muammolarni hal qilish bo‘yicha loyihalar taklif qilishi va ovoz berishda ishtirok etishi mumkin. Ovoz berish ixtiyoriy bo‘lib, u uchun hech qanday to‘lov yoki moddiy rag‘batlantirish mavjud emas.
So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda norasmiy Telegram-botlar orqali “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida ovoz berish evaziga pul mukofotlari taklif etilayotgan holatlar kuzatilmoqda. Bu esa aholi orasida turli talqinlar va bahs-munozaralarga sabab bo‘lib, jarayonning shaffofligiga putur yetkazishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda ayrim taniqli blogerlar tomonidan uchinchi shaxslar manfaati yo‘lida norasmiy “bot”lar orqali ma’lum to‘lov evaziga ovoz berish mumkinligi haqida reklama tarqatilgani aniqlandi. Bunda “rasmiy” so‘zlardan va “Ochiq budjet” portali logotiplariga o‘xshash belgilardan foydalanilgani fuqarolarni chalg‘itishi ehtimolini kuchaytiradi.
Shu munosabat bilan, Raqobat qo‘mitasi barcha fuqarolarga quyidagilarni rasman eslatib o‘tadi:
🔘“Tashabbusli byudjet” jarayonlarida ovoz berish faqatgina “Ochiq budjet” axborot portali, uning Android va iOS tizimlaridagi mobil ilovalari hamda Telegramdagi rasmiy bot orqali amalga oshiriladi;
🔘Amaldagi tartibga ko‘ra, berilgan ovozlar uchun hech qanday to‘lov undirilmaydi va ovoz bergan fuqarolarga hech qanday moddiy rag‘batlantirish ko‘zda tutilmagan;
🔘Norasmiy “bot”lardan foydalanish yoki ular orqali tarqatilayotgan ma’lumotlarga ishonish jarayonning to‘g‘ri tashkil etilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Ma’lumot uchun: Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tgan davr mobaynida, bir qator blogerlar ushbu norasmiy “bot”lar orqali pul evaziga ovoz berish mumkinligi haqida reklama tarqatganliklari aniqlangan bo‘lib, utkir_shodmonov (O‘tkir Shodmonov), Mominlive.1 (Abdurasul Ibroximov), Aslbek_emir (Amirov Asilbek), jasjannew (Jasur Shodiyev) kabi blogerlarga ogohlantirish va tushuntirishlar berilgan hamda tegishli choralar ko‘rilib, reklamalar olib tashlangan.
Fuqarolardan ushbu jarayonda faqat rasmiy manbalarga ishonish, har qanday norasmiy takliflarga aldanmaslik va bu kabi holatlarga duch kelganda tegishli idoralarga xabar berishlarini so‘raymiz.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan tizimli monitoringlar olib borilmoqda, norasmiy botlar, haq evaziga ovoz berish yoki fuqarolarni chalg‘ituvchi boshqa reklama qonunchiligi talablarini buzuvchi holatlar aniqlangan taqdirda Qo‘mita vakolati doirasida tegishli choralar ko‘rilishini ma’lum qilamiz.








