Raqobat qo‘mitasi tomonidan savdo xizmatlar bo‘yicha fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar doimiy ravishda o‘rganilib, tahlil qilish ishlari olib borilmoqda.
Jumladan,
Farg‘ona viloyati misolida
Qo‘mitaning Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Qo‘shtepa tumanida yashovchi fuqaro M.A.ning murojaati ijobiy yechim topdi. Murojaatda Farg‘ona viloyati savdo do‘konidan muzlatgich (morozilka) xarid qilingani, mazkur mahsulotning o‘zbek tilida foydalanish uchun yo‘riqnomasi iste’molchiga taqdim qilinmaganligi sababli foydalanish jarayonida mahsulotda nosozlik yuzaga kelgani va bu boradagi muammosi ijobiy hal etilmagani bildirilgan.
O‘rganishlar natijasida iste’molchining haqli ekanligi aniqlandi va muzlatgich uchun to‘lagan 2 mln 860 ming so‘m pul mablag‘i sotuvchi tomonidan xaridorga qaytarilishi ta’minlandi va sotuvchiga qonun talablari bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi misolida
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobat qo‘mitasiga Xorazm viloyati, Urganch tumanida istiqomat qiluvchi U.A.ning Qo‘mitaning 1159 ishonch telefoni orqali yo‘llagan murojaati o‘rganib chiqildi.
Murojaatda fuqaro To‘rtko‘l tumanida joylashgan “Lider” do‘konidan muzlatgich xarid qilgani, kafolat muddatidan 10 kun oldin buzilib qolgani, ammo unga servis xizmati ko‘rsatilmagani bildirilgan.
Qo‘mita tomonidan “Lider” do‘koni xodimlariga “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun yuzasidan tushuntirishlar berildi. Shundan so‘ng, fuqaroga servis xizmati ko‘rsatilib, muzlatgichi ta’mirlanib berilishi ta’minlandi.
Xorazm viloyati misolida
Raqobat qo‘mitasi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Samarqand viloyati, Payariq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro J.T.ning elektromuravey motoroller xarid qilish uchun 50 foiz miqdorida to‘lovlarni amalga oshirgani, biroq sotuvchi tomonidan mahsulot yetkazib berilmayotgani bo‘yicha qilgan murojaati o‘rganib chiqildi.
O‘rganishlarda ayrim sabablarga ko‘ra, motoroller yetkazib berilmagani o‘z tasdig‘ini topdi. Holat bo‘yicha “Good Trade Complex” MChJga “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni yuzasidan tushuntirish berilishi natijasida fuqaroga 4 000 000 so‘m to‘lagan mablag‘i qaytarib berilishi ta’minlandi.
Surxondaryo viloyati misolida
Raqobat qo‘mitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi Denov tumanida yashovchi fuqaro O.X.ning Kambag‘allikni qisqartirish dasturi doirasida 28 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘iga xarid qilgan elektr yuk tashish motorollerida nuqson borligidan norozi bo‘lib qilgan murojaaati yuzasidan o‘rganish o‘tkazdi.
Natijada xarid qilingan elektr yuk tashish motorollerining 6 dona jami qiymati 3,6 mln. so‘mlik akkumulyatorlari ta’minotchi tomonidan almashtirilib berilib, fuqaroning murojaati ijobiy hal etilishi ta’minlandi.