#Navoiy_ochiq_muloqot
Raqobat qo‘mitasi rahbari boshchiligida Navoiy viloyatida tadbirkorlik subyektlari, fuqarolar va keng jamoatchilik vakillari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Qo‘mita raisi kirish so‘zi bilan ochib berdi.
U o‘z nutqida «Qo‘mita o‘z faoliyatida ustuvor vazifalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Shuningdek, raqobatni qo‘llab-quvvatlash va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish nafaqat iqtisodiy zarurat, balki konstitusion norma hisoblanadi. Mamlakatimizda iste’molchilar huquqlari ustuvorligini ta’minlash Qo‘mitaning eng asosiy vazifalaridan hisoblanadi».
Qo‘mita raisi monopoliyaga qarshi organlarning milliy va xalqaro darajadagi ahamiyatiga to‘xtalib, ularning sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishdagi o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, hududlarda mavjud muammolarni chuqur o‘rganish, fuqarolar hamda tadbirkorlarning murojaat va takliflari asosida aniq amaliy yechimlar ishlab chiqish zarurligini bildirdi. Bu jarayonda yuzma-yuz ochiq muloqotlar o‘tkazish muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi.
Ochiq muloqot davomida, jismoniy va yuridik shaxslardan 10 dan ortiq murojaat va takliflar tinglandi.
Xususan,
➡️ Viloyat hududidagi ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi Boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar holatini o‘rganish va tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha;
➡️ Chiqindi xizmati bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lgan taqdirda elektr energiyasini o‘chirib qo‘yish holatlarining oldini olish va bartaraf etish;
➡️ Un mahsulotining ma’lum bir qismini birja savdolari orqali emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri chakana savdo tarmoqlari orqali sotish amaliyotini joriy etish;
➡️ Kommunal sohadagi tariflar va narxlarga asos bo‘luvchi qonunchilik hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan qilgan murojaat va takliflari qabul qilinib, ularni tegishliligi bo‘yicha hal etish yuzasidan mas’ul davlat tashkilotlari bilan birgalikda tegishli vazifalar belgilab olindi.
✅ Bundan tashqari, ochiq muloqot davomida “ZARAFSHON GOLDEN GROUP” MChJ vakili “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali tomonidan korxonaga asossiz ravishda qarzdorlik hisoblanganligini ma’lum qilib, Qo‘mita aralashuvi natijasida ushbu masala ijobiy hal etilgani uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Shuningdek, tadbir davomida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilgan ishlar va ularning targ‘iboti darajasi past qamrovda ekanligi va bu yuzasidan Navoiy viloyatida tegishli chora-tadbirlarni kuchaytirish, bu kabi seminar, targ‘ibot ishlarini ko‘proq amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Ochiq muloqot davomida Qo‘mitaning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tgan 2025-yil yakunlari va 2026-yil I-choragi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berib o‘tildi.
Ochiq muloqot tanqidiy va o‘zaro muhokamalar ruhida o‘tdi, unda mavjud muammolar atroflicha muhokama qilinib, sohaga oid dolzarb masalalar yuzasidan ishtirokchilar tomonidan taklif va mulohazalar bildirildi.
Ma’lumot o‘rnida: Qo‘mitaning Navoiy viloyati hududiy boshqarmasiga 2025 -yil yakunlari bo‘yicha jami 1 800 dan ortiq va 2026-yil I-choragi davomida 500 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan. Murojaatlar va o‘rganish ishlari natijasida, 2025-yil davomida 100 mingdan ortiq iste’molchilarning huquq va manfaatlari himoya qilinib, ular foydasiga 35 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan.
Shuningdek, 2026-yilning I-choragida esa 12 mingga yaqin iste’molchilar manfaati himoya qilinib, ular foydasiga 10 mlrd so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.








