RAQOBAT QO‘MITASI QURILISH SOHASIDAGI MUAMMOLAR YUZASIDAN FUQAROLARGA ESLATMA, QURUVCHI KORXONALARGA ESA OGOHLANTIRISH BERADI!
So‘nggi vaqtlarda Raqobat qo‘mitasiga kelib tushayotgan murojaatlar soni ortib bormoqda. Jumladan, qurilish sohasidagi qonunbuzilishlar bo‘yicha 2025-yilda 1 706 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, 2026-yilning birinchi choragidayoq ularning soni qariyb mingtaga yetgan.
🚨Bu, bir tomondan, Qo‘mita faoliyatining ochiqligi va aholi hamda tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot yo‘lga qo‘yilgani, tizimga ishonch ortib borayotganini ko‘rsatsa, boshqa tomondan ayrim sohalarda qonunchilik talablariga to‘liq amal qilinmayotganini anglatadi.
🔴Xususan, so‘nggi vaqtlarda qurilish sohasida shartnoma shartlarining bajarilmasligi, muddatlarning kechikishi va ruxsat olinmasdan uylar uchun oldindan to‘lov olish holatlari yuzasidan murojaatlar ko‘paymoqda.
🔘 Ushbu murojaatlarda asosan:
🔴qurilish ishlarining sifatsiz bajarilishi;
🔴ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq undirilishi;
🔴shartnoma shartlariga rioya qilinmasligi;
🔴uy-joylarni belgilangan muddatda topshirmaslik;
🔴texnik talablarga javob bermaydigan materiallardan foydalanish hamda reklamada va’da qilingan loyihalarning amalda bajarilmasligi kabi holatlar qayd etilmoqda.
Yuqoridagilarga asosan, Raqobat qo‘mitasi fuqarolarimizga xonadon sotib olish jarayonlarida quyidagilarga alohida e’tibor qaratishni tavsiya etib, eslatadi⁉️
Hurmatli fuqarolar, ulush kiritish asosida uy-joy sotib olishda (hali qurilmagan uy-joy uchun pul to‘lashda) yoki yangi qurilgan ko‘p qavatli uy-joylardan xonadon sotib olishda:
🌐shartnoma shartlari bilan batafsil tanishib chiqish, shartnomaning asosiy jihatlariga e’tibor qaratish, xususan
quruvchi va iste’molchining huquq va majburiyatlariga hamda ularning o‘zaro mutanosibligiga; qurilish va foydalanishga topshirish muddatlariga; muddatlar buzilganda javobgarlik nazarda tutilganligiga alohida e’tibor qaratish lozim.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4732 sonli Qaroriga muvofiq, ko‘p kvartirali uylarni ulush asosida qurish uchun aholi yoki tashkilotlarning pul mablag‘larini jalb qilish huquqi faqat yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, maxsus elektron ro‘yxatga kiritilgan quruvchi kompaniyalarga beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-246-sonli Farmoniga muvofiq, xaridor va sotuvchi o‘rtasida hisob-kitoblarning shaffofligi va ishonchliligini ta’minlash, shuningdek, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida to‘lovlar eskrou hisobvarag‘i orqali, shu jumladan bank kassalari yoki naqdsiz hisob-kitob shaklida amalga oshirilishi belgilangan.
‼️Quruvchi korxonalarni esa ogohlantiramiz,
🌀“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, iste’molchilar tovar va xizmatlarni erkin tanlash, ularning sifatli bo‘lishini talab qilish, shuningdek, yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararning to‘liq qoplanishini talab qilish huquqiga ega. Shuningdek, iste’molchi huquqlarini cheklaydigan yoki qonunchilikka zid shartlar haqiqiy emas deb hisoblanadi va bunday hollarda yetkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchi tomonidan qoplanishi lozim.
✅Zero, Bosh qomusimiz — Konstitutsiyaning 65-moddasiga ko‘ra, davlat iste’molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda tadbirkorlik erkinligini kafolatlashi belgilangan.
🗣️ Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunining 9-moddasiga ko‘ra tadbirkorlik subyektlari raqobat va iste’molchilar huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka amal qilishi shartligi qayd etilgan.
📌 Yuqoridagilardan kelib chiqib, barcha quruvchi korxonalardan qonunchilik normalariga qat’iy amal qilgan holda, fuqarolar bilan shartnoma tuzishlari, qurilishni bitkazish imkoniyatlaridan kelib chiqib, oqilona va aniq muddatlarni belgilashlari hamda fuqarolarning qonunchilikda belgilangan imtiyoz va huquqlarini cheklamaslik choralarini ko‘rishlari shartligini eslatib o‘tamiz!
‼️Belgilangan qonunchilik talabalarining buzilishi, tegishli ta’sir choralari qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.








