Raqobat qo‘mitasi qisqa raqamlarga bog‘lanishda ko‘p vaqt yo‘qotilishi va ulanishdagi mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan takliflarini Raqamli texnologiyalar vazirligiga yubordi
Iste’molchining asosiy huquqlaridan biri – tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olishdan iboratdir.
Biroq, keyingi paytlarda aholi bilan ishlovchi barcha turdagi tashkilotlarning qisqa raqamlarni doimiy bandligi, operator bilan ulanish uchun uzoq vaqt kutishga to‘g‘ri kelinayotgani, qo‘ng‘iroqlarga javob berilmasligi, navbat yaqinlashganda texnik uzilishlar kabi holatlar dolzarb muammolaridan biriga aylanmoqda.
Raqobat qo‘mitasi o‘tkazgan o‘rganishlarda, mobil aloqa abonentlaridan eng ko‘p qo‘ng‘iroqlar elektr tarmoqlari, gaz va suv ta’minoti va xizmatlarning boshqa hayotiy muhim bo‘g‘in raqamlariga amalga oshirilgan hamda umumiy o‘rtacha kutish davomiyligi hatto ayrim holatlarda 10-30 daqiqagachani tashkil etgan.
Xususan, o‘rganishlar tahlili yana shuni ko‘rsatadiki, kommunal soha bilan bog‘liq murojaatlarning 80-90 foizidan ortig‘i qo‘mitaning 1159 ishonch raqami orqali qabul qilingan va ularning soni quyidagi tarzda keskin ortib borgan:
🔘gaz ta’minoti bo‘yicha – 4,5 barobar;
🔘maishiy chiqindi xizmatlari bo‘yicha – 2,4 barobar;
🔘ichimlik suvi va qurilish xizmatlari bo‘yicha – 1,2 barobar.
Shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar aloqa markazlarida faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi, bu esa jismoniy va yuridik shaxslar tegishli ishonch telefonlaridan to‘liq va samarali foydalana olmasligi hamda ko‘plab vaqtini yo‘qotayotgan fuqarolarning kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, natijada muammolarini to‘g‘ridan to‘g‘ri, qisqa vaqtda yechim topishiga to‘sqinlik qilayotgani aniqlandi.
Yuqoridagilarga asosan, Raqobat qo‘mitasi tomonidan iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilish, ularning behuda yo‘qotgan vaqtlarini qadrlash, xizmat ko‘rsatish korxonalari qisqa raqamiga ishonchini oshirish maqsadida ishonch telefonlaridagi texnik va tashkiliy muammolarni bartaraf etish yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar belgilangan tartibda Raqamli texnologiyalar vazirligiga yuborildi.
Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-noyabrdagi 790-sonli qarorida belgilangan aloqa markazlari faoliyatini baholash tartibini aholi bilan ishlovchi barcha tashkilotlarga tatbiq etish, kamchiliklar uchun aniq javobgarlik belgilash hamda natijalarni ochiq e’lon qilib borish taklif etilmoqda.
Ta’kidlash joizki, mazkur takliflarni amaliyotga joriy etish aholining ishonch telefonlari orqali murojaat qilish jarayonini yanada tezkor va qulay qilib, ortiqcha vaqt sarfining oldini olish hamda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.








