#Kun_raqami
Raqobat qo‘mitasining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan tanlov (tender) savdolarining raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqligi yuzasidan o‘rganishlar olib borilmoqda
Xususan, 2024-2026-yillar davomida o‘tkazilgan tender savdolarida jami 1 745 ta raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilishi holatlari aniqlangan.
Joriy yilning yilning o‘tgan davrida boshlang‘ich narxi 942 mlrd so‘mlik 510 ta tanlov savdosida raqobat qonunchiligi talablari buzilgani aniqlangan.
O‘rganishlar davomida ayrim savdolarda «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonun talablari buzilishi alomatlari, jumladan, savdolar o‘tkazishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibini buzish, savdolarning bitta yoki bir nechta ishtirokchisiga savdolarda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish, affillanganlik va ishtirokchilar takliflarini noto‘g‘ri baholash holatlari aniqlangan.
Jumladan, «Guliston tuman Obodonlashtirish boshqarmasi»ning 1 mlrd so‘mga yaqin, «Sardoba tuman Tibbiyot birlashmasi»ning 600 mln so‘mga yaqin va «Sirdaryo tuman 71-sonli bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab internati»ning 277 mln so‘mlik tanlovlarida qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Shuningdek, so‘nggi uch yil davomida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 50 dan ortiq mansabdor shaxslarga ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli tartibda sud organlariga yuborilgan.
Davlat xaridlarida qonuniylik, shaffoflik va barcha ishtirokchilar uchun teng raqobat sharoitlarini ta’minlash Raqobat qo‘mitasining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.








