Raqamli bozorlarni (platformalarni) monopoliyaga qarshi tartibga solishga yondashuvlarini muhokama qilish
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi O‘zbekiston Fintex Assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “Raqamli bozorlarni (platformalarni) monopoliyaga qarshi tartibga solishga yondashuvlarini muhokama qilish” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil
6-iyuldagi PF-108-son “Maʼmuriy islohotlar doirasida raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmoni 3-bandiga muvofiq, “Biz sizni eshitamiz!” loyihasi joriy qilingan va ushbu loyiha tarmoqdagi tadbirkorlar va xorijiy investorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, raqobatga to‘siq bo‘layotgan omillarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va ularni amalga oshirish tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.
Tadbirda Raqobat qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan “Biz sizni eshitamiz!” yangi loyiha va uning ahamiyati, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni mazmun-mohiyati va uning raqamli bozorlarga tatbiq etilishi, raqobat siyosatidagi konseptual o‘zgarishlar, shu bilan bir qatorda ushbu sohadagi mavjud tizimli muammolar hamda ularning yechimlari haqida Raqobat qo‘mitasi rais o‘rinbosari F.Karabayev, Fintex Assotsiatsiyasi bosh direktori O.Nosirov, Vazirlar Mahkamasi huzurudagi Soliq qo‘mitasi vakili O.Parpiyev, Elektron tijorat assotsiatsiyasi raisi M.A’zamov va “Yandex” xalqaro monopoliyaga qarshi amaliyot bloki rahbarlari P.Palkichevlar tomonidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Ochiq muloqotda ishtirok etgan mahalliy biznes vakillari, xorijiy investorlar va mustaqil ekspertlar sohaga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan to‘liq javoblar olishdi. Asosiysi, bu borada hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha ko‘plab yangi takliflar berildi, ular asosida rejalar belgilanib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
USHBU TADBIRDA JAMOATCHILIK KENGASHI AʼZOLARI ISHTIROK ETISHDI