Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Buxoro, Qashqadaryo, Sirdaryo va Namangan viloyatlarida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida tadbirkorlarning murojaatlari, muammolari va takliflarini tizimli o‘rganish maqsadida Raqobat qo‘mitasi tomonidan respublikaning barcha hududlari kesimida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda.
📍QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASI
Uchrashuvda davlat xaridlari va birja savdolarida raqobatni cheklash holatlari, tashqi reklama faoliyatini tartibga solish hamda nohalol raqobatga qarshi kurashish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. o‘tkazilayotgan tanlovlar jarayonida qonunchilik talablariga rioya qilinishi, ochiqlik va shaffoflik ta’minlanishi haqidagi murojaatilar qabul qilindi, ijroga yo‘naltirildi.
📍JIZZAX VILOYATI
Ochiq muloqot davomida tadbirkorlik subyektlari bilan bevosita muloqot qilinib, Uchrashuv davomida «DAL TEKNIK ZOMIN ZOMIN AND LIME» MCHJ , “JIZZAX ZAMIN ASALI” MCHJ va “GULI NUR GRAND” MCHJ larning tadbirkorlik faoliyatlarini yuritishda duch kelayotgan to‘siq va muammolari bo‘yicha murojaatlari va takliflar qabul qilindi. Murojaatlar yechimi bo‘yicha fikr almashilib, qonuniy ijrosini ta’minlash uchun mas’ullar biriktirildi.
📍BUXORO VILOYATI
Hududiy boshqarma tomonidan o‘tkazilgan ochiq muloqot davomida Birja savdolari orqali sotilayotgan davlat zaxirasidagi bug‘doyni sifatini nazorat qilishda amaliy yordam berish, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi orqali chakana savdoda sotish uchun birja savdolari orqali suyultirilgan gaz xarid qilishda amaliy yordam berish haqidagi muammolar yuzasidan murojaatlar bildirildi. Mas’ul mutaxassislar tomonidan huquqiy tushuntirishlar berilib, ayrim masalalar joyida hal etildi.
📍QASHQADARYO VILOYATI
Hududiy boshqarma rahbariyati tomonidan ochiq muloqot davomida Byudjet tashkilotlariga issiq ovqat yetkazib berish xizmatlarini autsorsing asosida amalga oshiruvchi, tadbirkorlarga qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan ustama mablag‘larni hisoblash va to‘lab berilishini ta’minlash haqidagi murojaatlar, Nishon tumani investitsiya loyihalari doirasida bug‘doyni qayta ishlashga ixtisoslashgan, qiymati 1 million AQSH dollari bo‘lgan loyihani amalga oshirish jarayonida mavjud muammolarni hal etish va tashkiliy-amaliy ko‘mak ko‘rsatish haqidagi murojaatlari qabul qilindi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholi va tadbirkorlarni qiynab kelayotgan masalalarni joyida o‘rganish hamda ijobiy hal etishdan iborat bo‘ldi.
📍SIRDARYO VILOYATI
Tadbirkorlik subyekti elektr ta’minotidan noreal qarzdorlik, reklama konstruksiyasini o‘rnatish, reklama konstruksiyasi uchun invoys shakllantirish yuzasidan bildirilgan qator murojaat va takliflari qabul qilinib, o‘rganish hamda ko‘rib chiqish uchun nazoratga olindi.
📍NAMANGAN VILOYATI
Ochiq muloqot davomida tadbirkorlik subyektlari yoqilg‘i mahsulotlarini sotib olishda aksiz solig‘i klaster korxonasi tomonidan to‘langan bo‘lsa-da, fermer xo‘jaliklariga yoqilg‘i mahsulotlari yetkazib berilganda ham aksiz solig‘i qayta hisoblanayotganligi, avtotransport vositalariga pasport rasmiylashtirish tartibi yuzasidan murojaat va takliflari qabul qilinib, o‘rganish hamda ko‘rib chiqish uchun nazoratga olindi.
👥 Bunday ochiq muloqotlar davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va samarali hamkorlik muhitini yanada mustahkamlash, joylarda mavjud bo‘lgan muammo va to‘siqlarni o‘z vaqtida aniqlash, ularni tizimli va samarali hal etish imkonini yaratish, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati uchun yanada qulay shart-sharoitlarni shakllantirish hamda sog‘lom raqobat muhitini barqaror rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.








