Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalariga fuqarolardan avtomobillar, ularni sifati, yetkazib berish muddatlarining kechikishi, ehtiyot qismlaridagi nosozliklar va ularni kafolat muddatida ta’mirlashda muammolar yuzaga kelayotgani bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.
Hududlar kesimida murojaatlardan ayrim misollar
Xorazm viloyati
Hududiy boshqarmaga Yangiariq tumanida yashovchi S.M.ning o‘z turmush o‘rtog‘i nomiga “Avto-Layner Xorazm” MChJ bilan shartnoma bo‘yicha “Gentra” rusumli avtomobil uchun 146 000 000 so‘m to‘lovni amalga oshirgani, avtomashina esa kechiktirib yetkazib berilgani, ammo unga jamiyat tomonidan bir yildan buyon kompensasiya pullari to‘lab berilmayotganligi bo‘yicha murojaat qilgan.
O‘rganishlarda murojaatlarda keltirilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topdi ya’ni avtomobil shartnoma shartlarida keltirilgan muddatdan kechikib yetkazib berilgani ma’lum bo‘ldi.
Olib borilgan tushuntirishlar natijasida fuqaroga “Avto-Layner Xorazm” MChJ tomonidan 850 000 so‘m miqdoridagi kompensasiya pullari to‘lab berilishi ta’minlandi.
Toshkent viloyati
Hududiy boshqarmaga fuqaroning “Drivers Village Bekobod filiali” MChJ dilerlik korxonasi xizmatidan qoldirilgan e’tirozli murojaatida xarid qilingan “Damas” rusumli avtomashina nuqsonli bo‘lgani va uni sifatlisiga almashtirishda muammoga uchrayotgani bayon qilingan.
O‘rganishlar natijasida “UzAuto Motors” AJ kompaniyasining “Drivers Village Bekobod filiali” MChJ dilerlik korxonasi “Damas” avtomashinasini qayta ko‘rikdan o‘tkazganda nuqsoni aniqlangan va qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda yangi avtomashinaga almashtirilib berilishi ta’minlandi.
Buxoro viloyati
Hududiy boshqarmaga fuqaro X.H.dan tushgan murojaat o‘rganib chiqilganida “Buxoroavtotexxizmat” MChJdan “Traker 2” rusumli avtomashinasi sotib olingani, ammo avtomashina hujjatlari rasmiylashtirilganda xatolikka yo‘l qo‘yilgani, shu sababdan yangi avtomashinadan foydalanishning imkoni bo‘lmayotgani ma’lum bo‘ldi.
O‘rganishlar natijasida “Buxoroavtotexxizmat” MChJ tomonidan “Traker 2” rusumli avtomashinaga berilgan hisob-ma’lumotnomasidagi vin raqami tuzatib berilib, iste’molchining murojaati ijobiy hal etildi.