O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-sentabr kuni Nyu-York shahrida Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Jahon banki o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni kengaytirishning asosiy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Ajay Bangani Jahon banki guruhi prezidenti lavozimida ish boshlagani bilan tabrikladi hamda uning rahbarligida bank rivojlanayotgan mamlakatlarning barqaror iqtisodiy rivojlanishiga faol ko‘maklashishni davom ettirishiga ishonch bildirdi.
Xususiylashtirish va samarali davlat boshqaruvi sohalarida bankning ekspertlik va texnik ko‘magini kengaytirish, karbonsizlashtirish, muqobil energetika, infratuzilma va kommunikatsiyalar, suv ta’minoti bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish va ularga xususiy investitsiyalar, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida jalb qilish hamda boshqa strategik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Ajay Banga, o‘z navbatida, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar dasturini yuqori baholab, o‘zaro manfaatli sheriklikni bundan buyon ham rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
Bankning dunyo biznesi yetakchi vakillaridan iborat Maslahat kengashi O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ishtirok etishi to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston bankning eng yirik hamkor-benefitsiarlaridan biri hisoblanadi, so‘nggi olti yilda qo‘shma loyihalar portfeli besh barobardan ziyodga kengaydi.
2026-yilga qadar davrga mo‘ljallangan va jami 4 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi Hamkorlik dasturi Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining barcha ustuvor yo‘nalishlarini qamrab olgan.