O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-mart kuni Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari Prezident Shayx Muhammad Ol Nahayonni tavallud kuni bilan dildan qutlab, unga mustahkam sog‘lik va baxt-saodat, faoliyatida katta muvaffaqiyatlar, do‘st Amirliklar xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Ikki mamlakat yetakchilari butun musulmon olami uchun muqaddas bo‘lgan muborak Ramazon oyining boshlangani bilan ham bir-birini samimiy tabrikladilar.
O‘zbekiston bilan BAA o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik bugungi kunda yuksak darajaga chiqqani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
2023-yil yakuniga ko‘ra o‘zaro savdo hajmi 20 foizga oshdi. O‘zbekistonda Amirliklar sarmoyasi ishtirokida 300 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda, qo‘shma loyihalar portfeli 4 milliard dollardan oshdi. Bundan tashqari, yuqori texnologiyalar, energetika, geologiya, qishloq xo‘jaligi, turizm, IT, infratuzilma, logistika va boshqa sohalarda istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Tomonlar amaliy hamkorlikni barcha yo‘nalishlarda faollashtirishga tayyor ekanini tasdiqladilar. Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarning kun tartibini puxta tayyorlash muhimligi ta’kidlandi.