O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yil 22-iyunda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-1155 sonli Qonuni imzolandi.
Qonun bilan 3 ta kodeks va 5 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, jumladan:
1️⃣ Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning elektron reyestri yuritilishi belgilandi.
2️⃣ Jinoyat kodeksida “korrupsiyaga oid jinoyatlar” tushunchasiga ta’rif berilib, unga 18 turdagi jinoyatlar kirishi belgilandi.
3️⃣ Huquqni muhofaza qilishga doir ayrim vazifalarga ega bo‘lgan yangi institut – komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining qonuniy asoslari yaratildi. Ularning vakolatlari, huquq va majburiyatlari qonun bilan o‘rnatildi.
4️⃣ Qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurashishda eng quyi maishiy korrupsiyadan tortib, yuqori darajadagi mansabdor shaxslar orasidagi jinoyatchilikka qarshi amaliy mexanizmlar belgilandi.
5️⃣ Komplayens tuzilmalarning mustaqil va ta’sirchan ishlashini ta’minlash uchun ushbu bo‘linmalar xodimlarining xavfsizlik kafolatlari o‘rnatildi.
6️⃣ Komplayens tuzilmalari barcha davlat organlarida tashkil etilib, shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini olib boruvchi tuzilmalarning o‘zida ham komplayens-nazorati tizimi olib boriladi.
7️⃣ Komplayens tuzilmalarining butun faoliyati Prezident Administratsiyasining Komplayens xizmati tomonidan muvofiqlashtiriladi. Endilikda korrupsiyaga qarshi tarqoq holda kurashish emas, yagona tizim asosida yaxlit tuzilma sifatida ish olib boriladi.
8️⃣ 5 turdagi korrupsion jinoyatlar uchun jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qoidalari qo‘llanilmasligi belgilandi.
9️⃣ Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga har bir davlat organi va tashkilotlari, hududlar va sohalar kesimida korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini shakllantirish vazifasi yuklatildi.
1️⃣0️⃣ “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash, hududiy kengashlarning maqomi va vazifalari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga mamlakatda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha ijtimoiy sheriklik dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish kabi 8 ta yangi vazifalar belgilandi.








